AQSh yanvardayoq Yaqin Sharqqa kattagina kuch yuborgandi – o‘shanda ko‘pchilik buni namoyishchilarga oyatulloh rejimini ag‘darishda yordam sifatida zarba berish uchun ekanini taxmin qilgandi. Ammo ko‘p o‘tmay namoyishlar bostirildi, Amerikaning zarbalari esa bo‘lmadi. Buning o‘rniga AQSh va Eron o‘rtasida «yadroviy kelishuv» bo‘yicha muzokaralar tiklandi. Fevral oyi o‘rtalariga kelib ehtimoliy hujum haqida yangi xabarlar paydo bo‘la boshladi. Bu vaqtda Amerikaning bir aviatashuvchisi Eron sohillari yaqinida turibdi, ikkinchisi mintaqaga yaqinlashmoqda.
Nima uchun ko‘pchilik Tramp Eronga zarba beradi deb o‘ylamoqda?
Donald Tramp o‘tgan juma, 13 fevral kuni «Jyerald Ford» aviatashuvchisi boshchiligidagi zarbdor guruhni Yaqin Sharqqa yuborganini xabar qilgandi. Bu guruh AQSh harbiy-dengiz kuchlari tarkibidagi eng kuchli tuzilma hisoblanadi. O‘tgan yil kuzida u Karib dengizi havzasiga olib borilgan va Venesuelaga qarshi amaliyotda ishtirok etgandi.
Shu kunlarida ushbu guruh O‘rta Yer dengizining Yaqin Sharq akvatoriyasiga yetib keladi, keyingi haftada esa Suvaysh kanali hamda Qizil dengizdan suzib o‘tib, Hind okeaniga kiradi. Bu yerda u yanvar oyi oxiridan buyon Fors ko‘rfazining kirish qismida – Eron sohillaridan bir necha yuz kilometr masofada turgan «Avraam Linkoln» aviatashuvchisi boshchiligidagi guruhga qo‘shiladi.
Bundan tashqari, AQSh so‘nggi haftalarda Yaqin Sharqqa, jumladan, Qatar va Bahreyn hududida Eronga yaqin joylashgan bazalariga yuzlab samolyotlar, havo hujumidan mudofaa tizimlari hamda behisob miqdordagi o‘q-dorilarni olib kelgan.
Amerikaning Yaqin Sharqdagi harbiy qudrati oshirilishi Eron yadroviy dasturi bo‘yicha navbatdagi muzokaralar bilan bir vaqtga to‘g‘ri kelmoqda. 17 fevral kuni Jyenevada bu muzokaralarning ikkinchi raundi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘mon tashqi ishlar vaziri Badra al-Busaydi vositachilik qildi. Eron delegatsiyasiga mamlakat tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi rahbarlik qilgan, AQShdan Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff va kuyovi Jared Kushner qatnashgan (ular shu vaqtda Rossiya va Ukraina muzokaralarida ham vositachilik qilgan).
Muzokaralarning borishi, hatto ularda aynan qanday mavzular muhokama qilinayotgani haqida ham ma’lumotlar juda kam. Shunisi ma’lumki, AQSh Eron o‘z hududida uranni boyitish ishlaridan butunlay voz kechishini, mavjud boyitilgan uran zaxiralarini to‘lig‘icha topshirishni (Rossiya ularni olib ketishga tayyor), raketa dasturini rivojlantirishni cheklashini hamda Yamandagi «Ansar Alloh» (husiychilar), Livandagi «Hizbulloh» hamda falastinliklarning Hamas kabi guruhlarini qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatishni talab qilmoqda. Eron esa yadroviy dastur borasida yon berishga tayyor, ammo raketa dasturi va o‘z proksi kuchlari bo‘yicha masalalarni muhokama qilishdan ham bosh tortmoqda.










