Angliya: «Siti» «Arsenal»ga yaqinlashdi

«Chelsi» – «Byornli» 1:1
Gollar: Joao Pedro, 4 (1:0). Flemming, 90+3 (1:1)
«Chelsi»: Sanches, Chaloba, Fofana, Gyusto (Xato, 80), Jyeyms (Achimpong, 89), Santos, Kaysedo, Fernandes, Pedru Netu (Sarr, 88), Palmer (Adarabioyo, 75), Joao Pedro (Delap, 80)
«Byornli»: Dubravka, Uorrall, Estev, Loran (Brun Larsen, 78), Ugochukvu (Uord-Prouz, 57), Mejbri, Hamfris (Chauna, 83), Uoker (Lukas Pires, 46), Edvards, Flemming, Entoni (Barns, 84)
Ogohlantirishlar: Fofana, 34. Sanches, 90. Xato, 90 – Mejbri, 30. Loran, 90
Chetlatish: Fofana, 72 (ikkinchi sariq)

«Chelsi» autsayderga qarshi o‘yinda oson g‘alabaga erishishi kutilgandi, ammo jamoa o‘z odatiga ko‘ra yo‘q joydan o‘ziga muammo tug‘dirdi. Joao Pedroning o‘yin startidagi tezkor goli g‘alaba uchun yetarli bo‘lishi mumkin edi, ammo ikkinchi bo‘lim o‘rtalarida Fofana ikkinchi sariq kartochkasini olib, barchasini barbod qildi.

Son jihatdan ko‘pchilik bo‘lib qolganidan keyin «Byornli» oldinga o‘ta boshladi. Hujumlar borgan sari xavfli tus oldi va o‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda Flemmingning bosh bilan yo‘llagan zarbasi Sanchesni ojiz qoldirdi. Londonliklar APLda hisobda oldinda borgan o‘yinlarida yo‘qotilgan ochkolar soni bo‘yicha yaqqol yetakchi  (17). «Chelsi» bu borada hozirgidan yomonroq ko‘rsatkichni 1995/96 yillar mavsumida qayd etgan (20 ochko).

«Aston Villa» – «Lids» 1:1
Gollar: Shtah, 31 (0:1). Abraham, 88 (1:1)
«Aston Villa»: Martines, Konsa, Mings, Matsen, Kesh (Garsiya, 87), Duglas Luis (Bogard, 87), Onana (Barkli, 61), Rodjyers, Buendiya (Abraham, 75), Beyli (Sancho, 61), Uotkins
«Lids»: Darlou, Ampadu, Streyk, Rodon, Gudmundsson (Biyol, 46), Jastin, Shtah (Longstaff, 83), Gruyev, Aaronson (Nmecha, 73), Bogl, Kalvert-Lyuin
Ogohlantirishlar: Buendiya, 73 – Biyol, 62. Darlou, 69. Bogl, 79. Gruyev, 90

«Aston Villa» fevral oyida qatorasiga uchinchi uy o‘yinida yutqazishiga sal qoldi (Angliya Kubogi o‘yini ham qo‘shib hisoblanganda). Qatorasiga ikkinchi bor o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘ygan Abrahamning goli bo‘lmaganida Emiliano Martinesning maqtanchoqligi jamoaga hozirgidan ancha qimmatroqqa tushgan bo‘lardi. Argentinalik darvozabon raqib jarima zarbasi ijro etayotganida jonli devor o‘rnatmadi va Shtahning yaqin burchagiga yo‘llangan zarbasini o‘tkazib yubordi. Unai Emeri jamoasi shuncha yo‘qotishlarga qaramay, hamon uchinchi o‘rinda va eng yaqin ta’qibchisi «Chelsi» bilan olti ochkolik farqni saqlab qolmoqda. Ammo bu turdagi o‘yinini dushanba kuni o‘tkazadigan «MYu» g‘alaba qozonadigan bo‘lsa, birminghemliklarga uch ochkolik masofada yaqinlashib olishi mumkin.