Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov «Xabar» agentligiga bergan navbatdagi intervyusida mamlakat kuchishlatar tuzilmalarida amalga oshirilishi mo‘ljallangan keng ko‘lamli islohotlar to‘g‘risida aytib berdi.
Quyida intervyu matni to‘liq keltiriladi:
– Assalomu alaykum, Sadir Nurgojoyevich. Bu safar siz bilan Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining davlat instituti sifatidagi roli haqida gaplashmoqchimiz.
Ilgari shu sohada rahbarlik lavozimlarida ishlaganlar ham, kuchishlatar tizimlarda ishlaganlar ham, oddiy odamlar ham eslaydi, ittifoq davrida KGB xodimlarini yuzidan taniganlar kam bo‘lardi. So‘nggi paytlarda maxsus xizmatlarga nisbatan tanqidlar yangramoqda: go‘yoki, qo‘mita xodimlari hamma joyda o‘z guvohnomalarini silkitib, chekist maqomini obro‘sizlantirmoqda. Jamiyatning maxsus xizmatlarga nisbatan bunday baholari haqida xabardormisiz?
– Albatta, xabarim bor. Bu borada men anchadan beri do‘stimni bir necha bor ogohlantirganman. «Do‘stim, MXDQning obro‘sini ko‘tar. Nufuzi SSSR davridagi KGBniki bilan bir xil bo‘lishi kerak. Holat MXDQ xodimlari o‘z guvohnomalarini duch kelgan joyda ko‘rsatadigan darajaga yetdi. Bunday tanqidiy fikrlardan qutulish kerak» deganman. Men bu haqda bir necha bor aytganman.
– Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining ayrim xodimlari qonunni buzish va jinoyat sodir etishda gumonlanib qo‘lga olinayotganini ko‘ryapmiz. Bu ularga haddan ziyod vakolatlar berilgani uchun ro‘y bermadimi? Axir, maxsus xizmat deyarli barcha sohalarga – qurilishdagi qonunbuzarliklar va bozordagi go‘sht narxlaridan tortib, intim xizmat ko‘rsatuvchi shaxslar bilan kurashishgacha aralasha boshlaganiga guvohmiz.
– Ana shunday «intim xizmatlar bilan kurash» haqidagi videolardan biri e’lon qilingan kuni uni chaqirdim va dedim: «Do‘stim, bu sohani IIVga ber, bu ularning ishi. Milliy xavfsizlik qo‘mitasining darajasini tushirma».
Korrupsiyaga aralashib qolgan xodimlarga kelsak, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda. Bu boradagi ma’lumotlarni ochiqlab bo‘lmaydi.
– Yaqinda siz Chegara xizmati va Davlat qo‘riqlash xizmatini Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi tarkibidan chiqardingiz. Qo‘mitada kutilayotgan islohotlar haqida batafsil so‘zlab bera olasizmi? Idora endi qaysi yo‘nalishlarda ishlaydi? Iqtisodiy jinoyatlarga va korrupsiyaga qarshi kurash funksiyalari ularda qoladimi yoki boshqa organga o‘tkaziladimi?









