Meksika mudofaa vaziri general Rikardo Trevilya prezident Klaudiya Sheynbaum bilan birga o‘tkazilgan matbuot anjumanida / Foto: AFP — Getty Images.

Meksika rasmiylari dushanba kuni matbuot anjumanida bildirishicha, mamlakatdagi eng shafqatsiz jinoiy shaxslardan biri hisoblangan «Xalisko Yangi Avlod karteli» rahbarini qo‘lga olish uchun yuqori xavfli reja ishga tushirilgan.

Mamlakatda eng ko‘p qidirilayotgan jinoyatchisini topish uchun xavfsizlik idoralari uning sevgilisini kuzatganini aytdi. Rasmiylar ta’kidlashicha, aynan u ularni Xalisko shtatidagi o‘rmonli tog‘larga —mashhur kartel rahbari, «El Mencho» nomi bilan tanilgan Nemesio Oseguera Servantes yashiringan kottejga olib borgan.

Hukumat ma’lumotlariga tayanib, New York Times’ning yozishicha, operatsiya qonli otishma bilan yakunlangan, bir nechta gumon qilingan kartel a’zolari o‘ldirilgan. Yakshanba tongiga kelib esa Oseguera Meksika kuchlari bilan to‘qnashuvda og‘ir yaralanib, vafot etgan.

Dahshatli hujum

Operatsiya juma kuni boshlangan — razvedka xodimlari Oseguera «romantik sheriklaridan biri»ga yaqin kishini kuzatgan.

Meksika mudofaa vaziri, general Rikardo Trevilyaning aytishicha, u ayolni Xalisko shtatidagi Tapalpa shahriga — kartel tayanch hududidagi qishloqqa olib borgan.

Keyingi kuni ayol kottejni tark etgan, Oseguera esa qo‘riqchilari bilan qolgan. Shundan so‘ng maxsus kuchlar uni qo‘lga olishni rejalashtira boshlagan.

Yakshanba tongida kuchlar Tapalpaga kirgan. Ular o‘zini oshkor qilgach, Oseguera qochgan va harbiylar bilan uning qo‘riqchilari o‘rtasida jang boshlangan.

Generalning aytishicha, jinoyatchilarda «katta miqdorda qurol»: yettita uzun qurol va ikki raketomyot topilgan. «Bu juda zo‘ravon hujum edi», — dedi u. To‘qnashuvda sakkiz nafar jinoyatchi ham o‘ldirilgan.

Keyin maxsus kuchlar Oseguera va uning sheriklarini yaqin atrofdagi o‘rmondan topgan. «Uni butalar orasida yashirinib yotgan holda topdik», — deydi general.