Ötgan kun davomida jahonda röy bergan eng asosiy voqea va yangiliklar şarhi bilan kundalik xabarnomada taniştiramiz.

Ukrainadagi uruşning 4 yilligi

2022 yil fevral oyida Rossiya Ukrainaga qarşi bosqinçilik uruşini boşlagan edi. Bugun, 24 fevral kuni uşbu uruşga naq tört yil tölib, beşinçi yiliga ötmoqda. Oddiy xalq uçun ulkan azob-uqubatlar va askarlar uçun dahşatli sinovlarga sabab bölayotgan janglarning yaqin orada töxtaş alomatlari körinmayapti.

Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi ötgan oyda e’lon qilgan hisobotga köra, bu davrda har ikki tomonda halok bölgan, yaralangan yoki bedarak yöqolgan harbiylar soni taxminan 1,8 million kişini taşkil qiladi.

Hisobotga köra, Rossiya 2022 yil fevraldan 2025 yil dekabrgaça 1,2 million yöqotişga uçragan, jumladan, 325 minggaça harbiy halok bölgan.

Rossiya oxirgi marta 2023 yil yanvarida halok bölganlar soni 6 mingdan biroz oşganini aytgandi. Şundan söng rasmiy raqamlar oçiqlanmagan.

Markazga köra, Ukrainada harbiy yöqotişlar 500 mingdan 600 minggaça, jumladan, 140 minggaça halok bölganlar bor. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy şu oy boşida uruşda 55 ming ukrainalik harbiy halok bölganini aytgandi. Uning sözlariga köra, köplab askarlar bedarak yöqolgan.

BMT Inson huquqlari monitoring missiyasi ma’lumotiga köra, Rossiyaning töliq bosqinidan beri Ukrainada halok bölgan fuqarolar soni 15 mingga yetadi. Şu davrda 40 ming 600 dan ortiq fuqaro yaralangan. BMT ma’lumotiga köra, uruş kamida 763 nafar bola hayotiga zomin bölgan.

Turli ma’lumotlarga köra, uruş davomida Rossiya Ukraina jami maydonining 19,4 foiz hududini egallab olgan. Töliq bosqindan oldin Rossiya Qrim va Donbassning bir qismi bilan birga Ukrainaning qariyb 7 foizini nazorat qilardi.

Qariyb 6 million kişi mamlakatni tark etgan. BMTning Ukrainadagi vakolatxonasi şu oyda e’lon qilgan hisobotga köra, ularning 5,3 millioni Yevropada boşpana topgan. Kamida 300 ming kişi Kanadaga ketgan. Bundan taşqari, taxminan 3,7 million ukrainalik mamlakat içida boşqa hududlarga köçgan.

Narkobaronni uşlaş operatsiyasi tafsilotlari