BMT Boş assambleyasi Rossiyaning Ukrainaga tölaqonli bosqini boşlanganining törtinçi yilligi kuni “Ukrainada barqaror tinçlikni qöllab-quvvatlaş” nomli rezolyutsiyani qabul qildi. Ukrainaga “xalqaro e’tirof etilgan çegaralari doirasida suverenitet, mustaqillik, birlik va hududiy yaxlitlik” huquqini tasdiqlovçi uşbu hujjat uçun Nyu-Yorkda seşanba, 24 fevral kuni bölib ötgan majlisda 107 mamlakat vakillari ovoz berdi.

Qarşi bölib 12 davlat — Rossiya Federatsiyasi, Belarus, Burkina-Faso, Burundi, Kuba, KXDR, Eritreya, Eron, Mali, Niger, Nikaragua va Sudan vakillari çiqdi. Yana 51 davlat betaraf qoldi, ular orasida — AQŞ, Xitoy, Hindiston, JAR, Armaniston, Qozoğiston, Braziliya va BAA ham bor. Hujjat Ukrainada darhol öt oçişni töxtatiş, harbiy asirlarni töliq almaşiş, Rossiya tomonidan noqonuniy uşlab turilgan barça şaxslarni ozod qiliş va fuqarolarni Ukrainaga qaytarişga çaqirgan.

Ukraina taşqi işlar vaziri Andrey Sibixa BMT Boş assambleyasi rezolyutsiyani qabul qilganini qutladi. “Hal qiluvçi pallalarda xalqaro hamjamiyat öz pozitsiyasini aniq bildirişi kerak. Bugun şunday kun”, — deb yozdi u X ijtimoiy tarmoğida. Uning aytişiça, Ukraina uçun bu “navbatdagi ovoz beriş” emas, balki uning yolğiz emasligi va “BMT nizomi prinsiplari hali ham ahamiyatga ega” ekanining tasdiğidir.

“Biz BMT nizomi va xalqaro huquqqa muvofiq har tomonlama, adolatli va barqaror tinçlikka erişiş yölida — qat’iy va izçil harakat qilişda davom etamiz”, — dedi Sibixa.

Şu bilan birga, AQŞ rezolyutsiyaning ayrim bandlari böyiça maxsus, alohida ovoz beriş ötkazişni talab qildi. Xususan, Vaşington Ukraina hududiy yaxlitligi haqidagi jumla va xalqaro huquqqa muvofiq “umumiy, adolatli va barqaror” tinçlikka çaqirilgan abzats böyiça ovoz berişni alohida ötkazişni istadi.

AQŞning BMTdagi vakil örinbosari Temmi Bryus AQŞ darhol öt oçişni töxtatiş çaqiriğini qöllab-quvvatlaşini bildirdi. Biroq, umumiy olganda, rezolyutsiyada “tinçlikka olib boruvçi barça diplomatik kanallarni qöllab-quvvatlaş örniga, joriy muzokaralarni izdan çiqarişi mumkin bölgan” qoidalar borligini tuşuntirdi. AQŞning alohida ovoz beriş talabi qöllab-quvvatlanmagani uçun Vaşington betaraf qoldi.

Şu kuni RF taşqi işlar vaziri örinbosari Dmitriy Lyubinskiy Jyenevadagi BMT Inson huquqlari böyiça kengaşida yarim böş zalda çiqiş qildi. Uning nutqini taxminan 40 ta ğarb davlatining vakillari boykot qildi. Javob tariqasida Lyubinskiy Yevropani “rusofobiya”da aybladi.