Prezident Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo viloyatida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar ko‘rgazmasi hamda xorijiy investorlar bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan yirik loyihalar taqdimoti bilan ham tanishdi.

«So‘nggi yillarda viloyatda tadbirkorlik jadal rivojlanib, investorlarning hududga qiziqishi tobora ortmoqda.

O‘tgan yili viloyat yalpi hududiy mahsulot hajmi 63,7 trillion so‘mga yetdi. Yirik sanoat korxonalari qariyb 30 taga, kichik korxonalar 4 ming 820 taga yetkazilib, 18,8 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqardi. 2,1 milliard dollar qiymatidagi xorijiy investitsiya o‘zlashtirildi. Dunyoning 37 davlatiga 483 million dollarlik mahsulot va xizmatlar eksport qilindi. 

Davlatimiz rahbariga taqdimot qilingan loyihalar viloyat iqtisodiyotining turli tarmoqlarini qamrab olgan. Uy-joy qurilishi, tog‘-kon sanoati va geologiya, yengil sanoat, oziq-ovqat, energetika, sog‘liqni saqlash va farmatsevtika, ta’lim, xizmat ko‘rsatish hamda turizm sohalarida yangi quvvatlarni ishga tushirish nazarda tutilgan.

Umumiy qiymati qariyb 1,6 milliard dollar bo‘lgan loyihalar Rossiya, Xitoy, Turkiya, Pokiston, Yaponiya, Germaniya, Hindiston, Mo‘g‘uliston bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Davlat rahbari investorlar bilan suhbatlashdi.

Shundan so‘ng jamoatchilik vakillari ishtirokida Surxondaryo viloyatida umumiy qiymati 7,1 milliard dollar bo‘lgan 44 ta loyihani ishga tushirish va boshlashga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ramziy tugmani bosib, tog‘-kon sanoati, geologiya, yengil sanoat, mebelsozlik, oziq-ovqat, xizmat ko‘rsatish va turizm sohalarida yangi loyihalarning qurilishi va faoliyatini boshlab berdi.