TIV ma’lumotiga ko‘ra, yuzaga kelayotgan tashkiliy muammolar natijasida ko‘plab davlatlar vakillari qatorida O‘zbekiston fuqarolari ham safar bilan bog‘liq turli qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Shu munosabat bilan fuqarolar xavfsizligini ta’minlash va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida qator tavsiyalar berildi.

Xususan, Yaqin Sharq yo‘nalishida rejalashtirilgan ziyorat, tijorat, dam olish va boshqa turdagi xorijiy tashriflarni vaziyat barqarorlashguniga qadar vaqtincha kechiktirib turish tavsiya etilgan.

Ayni paytda chet elda bo‘lib turgan vatandoshlardan bosiqlik va hushyorlikni saqlash, odamlar gavjum joylarga borishdan tiyilish, shuningdek, mahalliy qonun-qoidalarga qat’iy rioya qilish so‘ralgan.

Shu bilan birga, fuqarolarga O‘zbekistonning xorijiy diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari bilan doimiy aloqada bo‘lib turish lozimligi eslatilgan.

TIV, shuningdek, barcha fuqarolarni safarlarni rejalashtirishda ehtiyotkorlik choralarini ko‘rish va rasmiy manbalar orqali e’lon qilinayotgan axborotlarga amal qilishga chaqirdi.