O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
Urush davom etmoqda
Dushanba kuni AQSh va Isroilning Eronga qarshi havo urushi yanada kengaydi. Isroil «Hizbulloh» zarbalariga javoban Livanga hujum qildi, Eron esa AQSh harbiy bazalari joylashgan Fors ko‘rfazi davlatlariga hujumlarini to‘xtatmadi. Mojaro yakuni hali ko‘rinmayapti.
Eronga qilingan hujum Fors ko‘rfazini urush girdobiga tortdi: Eron, Isroil va Livanda o‘nlab tinch aholi halok bo‘ldi, global aviatransport xaosga yuz tutdi. Dunyo neft savdosining beshdan bir qismi o‘tadigan Hormuz bo‘g‘ozi orqali yuk tashish to‘xtab qoldi, bu esa neft narxi keskin ko‘tarilishiga sabab bo‘ldi.
AQSh Markaziy qo‘mondonligi Kuvayt xatolik tufayli Amerikaning uchta F-15 qiruvchi samolyotini urib tushirganini ma’lum qildi. Barcha olti nafar ekipaj a’zosi samolyotdan sakrashga ulgurgan va sog‘-salomat qutqarilgani aytilmoqda.
AQSh harbiylarining bildirishicha, Erondagi 1250 dan ortiq nishonga zarba berilgan va Eronning 11 ta kemasi yo‘q qilingan. Hozirgacha AQShning olti nafar harbiy xizmatchisi halok bo‘ldi — ularning barchasi dam olish kunlari Eronning Kuvaytga yo‘llagan javob zarbalari oqibatida qurbon bo‘lgan. Erondagi qurbonlar soni esa 550 dan oshgani aytilmoqda.
Dushanba oqshomida Isroil Tehrondagi Eron davlat teleradiokompaniyasi binosiga hujum qilganini bildirdi.
Tel-Avivning o‘zida esa havo hujumidan mudofaa tizimlari Eron raketalarini tutib olar ekan, portlash ovozlari butun shaharni larzaga keltirmoqda.
Tramp dushanba kuni ushbu mojaro haqida gapirgan eng ochiq bayonotida Tehronning yadroviy dasturi va jadal rivojlanayotgan ballistik raketa dasturiga barham berish uchun hujumga buyruq berganini aytdi. Tramp operatsiya tez orada yakunlanishidan darak bermadi, harbiy rasmiylar esa mintaqaga qo‘shimcha kuchlar yuborilayotganini bildirdi.
Eron yadro quroliga intilayotganini rad etmoqda va AQSh hujumini asossiz deb atadi. Chunki bu hujum Tehron Tramp vakillari bilan yadroviy kelishuv bo‘yicha muzokaralar olib borayotgan bir vaqtda sodir bo‘ldi.
Fransiya yadroviy arsenalini kengaytirmoqchi
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron dushanba kuni mamlakat arsenalidagi yadroviy kallaklar soni oshirilishini ma’lum qildi.








