4-6 mart kunlari futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasida 2-tur o‘yinlari o‘tkazildi.

SURXON 0:3 NeFTChI

Gollar: Stipe Peritsa, 40 (0:1), Stipe Peritsa, 48 (0:2), Yovan Jokich, 73 (0:3)

Amaldagi chempion «Neftchi» bu safar ham ishonchli o‘yin namoyish etib, safarda «Surxon»ni 3:0 hisobida yengdi. Islombek Ismoilov shogirdlari 1-turda ham yirik hisobda g‘alaba qozongan edi. «Neftchi» musobaqa jadvalida to‘plar nisbatiga ko‘ra peshqadamlik qilmoqda. Farg‘onaliklarning xorvatiyalik hujumchisi Stipe Peritsa 3 ta gol bilan chempionat to‘purarlari ro‘yxatini boshqarib turibdi.

MASh’AL 0:2 LOKOMOTIV

Gollar: Anzur Ismoilov, 44 (0:1), Quvonchbek Abrayev 45+1 (0:2)

Chetlatish: Roman Xadjiyev, 90+4 (Mash’al)

Ikkinchi o‘ringa kutilmaganda «Lokomotiv» ko‘tarilib oldi. «Temiryo‘lchilar» o‘tgan mavsumda Pro-Ligada qiyinchilik bilan g‘alaba qozonib, Superligaga qaytgan edi. Bosh murabbiy Mirko Yyelichich mavsumlar oralig‘ida yaxshi tarkib to‘plagan ko‘rinadi - dastlabki 2 turda g‘alabaga erishdi. Bu gal safarda «Mash’al» mag‘lub etildi. Gollardan biriga 40 yoshida ham navqiron Anzur Ismoilov mualliflik qildi.

QO‘QON-1912 1:2 PAXTAKOR

Gollar: Doston Hamdamov, 49 (0:1), Pyotr Parjishek, 56 (0:2), Toma Tabatadze, 90+5 pen (1:2)

«Paxtakor» ham mavsumni ishonchli tarzda 2 ta g‘alaba bilan boshladi. Toshkentliklar Qo‘qonda qiyin o‘yin o‘tkazdi, biroq 3 ochko bilan qaytadigan bo‘ldi. Mezbonlar uchun vaziyat yaxshi emas – ular dastlabki 2 ta o‘yinda ham mag‘lubiyatga uchradi.

NAVBAHOR 0:1 BUXORO

Gol: Velko Filipovich, 73 (0:1)

«Buxoro» mavsum startining «kashfiyot»laridan biri bo‘ldi. O‘tgan mavsumda Superligada arang «jon saqlab» qolgan jamoa yilni yaxshi boshladi. 2 ta o‘yin – 2 ta g‘alaba. Bu buxoroliklarning so‘nggi 15 yildagi eng yaxshi natijasi. Aleksandr Xomyakov shogirdlari bu safar Timur Kapadze qo‘l ostidagi «Navbahor»ni yengdi va peshqadamlar safida bormoqda.

SO‘G‘DIYoNA 0:2 NASAF

Gol: Oybek Rustamov, 14 (0:1), Sharof Muhiddinov, 22 (0:2)