Angliya: «Mansfild» va «Reksem» grandlarni qiynab qo‘ydi

«Mansfild» – «Arsenal» 1:2
Gollar: Madueke, 41 (0:1). Evans, 50 (1:1). Eze, 66 (1:2)
«Arsenal»: Arrisabalaga, Moskera, Kalafiori (Dikson, 76), Selmon (Timber, 62), Norgar, Trossar (Inkapiye, 38), Douman (Saka, 77), Martinelli, Madueke, Gabriel Jyezus, Havers (Eze, 62)
Ogohlantirishlar: Kalafiori, 70. Eze, 74

Uchinchi divizionda ishtirok etayotgan «Mansfild» «Arsenal»ga qarshi 1929 yildan buyon ilk o‘yinini shudgorzorni eslatuvchi maydonda o‘tkazdi. Bunday gazonda kombinatsiyalar uyushtirish muammo bo‘lishi yetmaganiday, jarohat olish xavfi ham yuqori edi. Amalda ham Mikel Arteta Trossar va Kalafiorini jarohat tufayli almashtirishga majbur bo‘ldi.

«Arsenal» futbolchisi Leandro Trossarga tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda
Foto: Cody Froggatt/Getty Images

16 yoshli Salmon esa ortga uzatma berishda xatoga yo‘l qo‘ydi, Moskera esa Evansga qarshi passiv harakat qildi, Kepa ham o‘ziga kelgan zarbani to‘sa olmadi.

Bu orqali «Mansfild» muvozanatni tikladi. Birinchi bo‘lim oxirida Noni Madueke bir hujumning o‘zida ikki bor zarba berish orqali darajadagi farqni namoyish etgandi. Uning birinchi zarbasidan keyin darvozabon to‘pni qaytardi, Martinelli to‘pga ega chiqdi va Maduekeni yanada qulay vaziyatga chiqardi. Shundan keyin «kanonirlar» ketma-ket vaziyatlarni yo‘qqa chiqarishdi. Douman reyd uyushtirib, yaqin masofadan zarba berganida esa darvozabon qahramonlik ko‘rsatdi. Yana bir vaziyatda «5 ga 2» ko‘rinishidagi qarshi hujumda Gabriel Jyezusning zarbasidan keyin himoyachi to‘pni darvoza chizig‘i ustida to‘xtatib qoldi. Faqat ikkinchi bo‘limda zaxiradan tushgan Eze Norgarning uzatmasidan keyin olis masofadan benuqson zarba yo‘lladi va bu gol o‘yin taqdirini hal qildi.

«Arsenal» Mikel Arteta boshqaruvi davrida bir mavsumdagi g‘alabalar soni bo‘yicha (35) rekord o‘rnatdi, shuningdek, joriy mavsumda gollari sonini 100 tadan oshirgan uchinchi jamoaga aylandi («Bavariya» va «Barselona»dan keyin). Bu g‘alaba jamoani Angliya kubogi chorakfinaliga olib chiqdi, ammo mavsumning muhim pallasida ikki futbolchi jarohat olishi – «kanonirlar» uchun og‘riqli zarba bo‘ldi.