Livandagi «Hizbulloh» guruhi bilan urush fonida Isroil tomonidan keng ko‘lamli havo hujumlari va quruqlik reydi o‘tkazilishi oqibatida yana o‘nlab kishilar halok bo‘ldi. BBC jurnalisti Elis Kaddi hodisa tafsilotlarini bayon qildi.
Livan sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 8 martga o‘tar kechasi mamlakat sharqidagi Bekaa vodiysida isroillik harbiylar tomonidan o‘tkazilgan amaliyot chog‘ida kamida 41 kishi halok bo‘lib, yana 40 kishi jarohat olgan.
Qurbonlar orasida Livan armiyasining uch nafar harbiy xizmatchisi ham bor, mahalliy aholi vakillari esa tinch aholi vakillari, jumladan, bolalar ham o‘ldirilganini aytmoqda.
Nabi-Shit shahridagi amaliyot maqsadi Livanda 40 yil muqaddam bedarak yo‘qolgan isroillik harbiy uchuvchining jasadini qidirish bo‘lgan.
Shanba kuni qishloq qabristoni burchagida chuqur paydo bo‘lgan – u yerdagi qabr ochilgan.
«Ular u o‘sha yerda deb o‘ylashgan, ammo u yerdan hech narsa chiqmagan», – deydi mahalliy aholi vakillaridan biri bo‘sh qabrni ko‘rsatib.
Shaharning boshqa joyida avtomobil o‘qlar bilan ilma-teshik qilingan, uning o‘rindiqlari qonga belangan holda edi.
Raketa zarbasi atrofdagi binolarni vayrona uyumiga aylantirgan, yerda ulkan chuqur hosil bo‘lib, qo‘shni uylarga zarar yetgan.
Xarobalar orasida kundalik hayotda uchraydigan buyumlar – bolalar bo‘yoqlari, suratlar va oshxona anjomlari yotganini ko‘rish mumkin.
Mazkur hududni nazorat qiluvchi «Hizbulloh» guruhi vayrongarchilik ko‘lamiga o‘z ko‘zlari bilan guvoh bo‘lishi uchun jurnalistlarga qishloqqa kirishga ruxsat bergan.
Livanlik harbiylar bayonotiga ko‘ra, juma kuni kechqurun Suriya bilan chegaradosh hududga Isroilning to‘rtta uchish apparati kirib kelgan, shundan ikkitasi yerga qo‘ngan va maxsus topshiriqli bo‘linma jangchilarini tushirgan.
Shu bilan bir vaqtda, qishloqqa havodan zarbalar yo‘llangan.
«Hizbulloh» va Isroil o‘rtasidagi urushga aralashmaslikka harakat qilayotgan Livan armiyasi o‘z bo‘linmalari qo‘nish joyini aniqlash uchun yoritish raketalarini qo‘llagan holda «tezkor tayyorgarlik va mudofaa choralarini ko‘rgani»ni ma’lum qilgan.
Nabi-Shit ko‘chalarida Isroil kuchlari, «Hizbulloh» jangchilari hamda o‘z uylarini himoya qilayotgan tinch aholi vakillari o‘rtasida to‘qnashuvlar kelib chiqqan.












