
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 332-1-moddasida huquqbuzarlik uchun jarima solish to‘g‘risidagi qarorni ijro etishning soddalashtirilgan tartibi belgilangan. Unga ko‘ra, huquqbuzar unga jarima solish to‘g‘risidagi qaror topshirilgan kundan boshlab 15 kun ichida jarima miqdorining 50 foizini yoki 30 kun ichida jarima miqdorining 70 foizini ixtiyoriy ravishda to‘lagan taqdirda, u jarimaning qolgan qismini to‘lashdan ozod qilinadi.
Biroq, bu moddaning 2-qismida ushbu imtiyoz jarima solish to‘g‘risidagi qaror ustidan shikoyat qilinganda yoki protest bildirilganda qo‘llanmasligi belgilangan.
Bugun ko‘plab fuqarolar bir dilemma oldida turadi:
“Adolat izlaymi yoki chegirmadan foydalanaymi?”
“Agar shikoyat qilsam-u yutqazib qo‘ysam, 50 foizni yo‘qotaman, vaqtim va asabimni ham ketkazgan bo‘laman. Demak, iqtisodiy jihatdan “jazolanaman”. Kel, yaxshisi sudlashmasdan, jarimamning yarmini imtiyoz bilan to‘lay qolay...”
Bunday qarorga keluvchilar juda ham ko‘p. Ayniqsa jarima miqdori katta bo‘lsa.
Masalan, faraz qilaylik, yo‘lning qarama-qarshi harakatlanish uchun mo‘ljallangan tomoniga tasodifan o‘tib qoldingiz. Bunday huquqbuzarlik MJtKning 128-5-moddasi ikkinchi qismiga asosan 10 BHM (hozirda 4 120 000 so‘m) jarimaga sabab bo‘ladi. Bu huqubuzarlik kuzatuv kameralari orqali aniqlanganda, hodisa to‘g‘risidagi ma’lumotlar 48 soatda tizimga kelib tushishi kerak – agar bu muddat o‘tib ketadigan bo‘lsa, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish tugatiladi va javobgar jarimaga tortilmaydi.
Foto va video qayd etish vositalari orqali aniqlangan huquqbuzarlikka oid ma’lumotlar tizimga kelib tushgandan so‘ng jarima solish to‘g‘risidagi qaror MJtKning 305-moddasida belgilangan 15 kunlik muddatda chiqarilishi kerak. Biroq, ushbu 15 kunlikni kechiktirishning oqibati kodeksda mavjud emas. Bu shuni anglatadiki, 48 soatlik muddat buzilmasa bo‘lgani, 15 kunlik muddatning o‘tib ketishi bo‘yicha esa sudlashib yutib chiqish aniq emas. (Aslini olganda, bunday qonunchilikdagi bo‘shliq va noaniqlik O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 20-moddasiga ko‘ra inson foydasiga talqin etilishi kerak).
Yuqoridagi vaziyatda jarimani bekor qildirishning o‘zi noaniq bo‘lib turganda, sudga shikoyat qilish 30/50 foizlik chegirmadan ham mahrum qilishini bilish sizni tabiiy o‘ylantirib qo‘yadi.








