Toshkent shahrining yagona qiyofasini yaratish va jamoat joylarini rivojlantirishga qaratilgan dizayn-kod xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi tomonidan rasman tasdiqlandi. Bu haqda Urbanizatsiya va uy-joy bozori milliy qo‘mitasi xabar berdi.
Dizayn-kod 2025 yil dekabrida Toshkent Invest kompaniyasi buyurtmasiga ko‘ra, Citymakers International tomonidan ishlab chiqilgandi. Hujjatda poytaxt hokimiyatining takliflari ham inobatga olingani aytilmoqda.
Ma’lumot uchun, Citymakers International – shaharlarni rivojlantirish loyihalarini ishlab chiqish va ularni amalga oshirish jarayonini kuzatib borish bilan shug‘ullanuvchi tahliliy va loyiha markazi hisoblanadi. Kompaniya Moskva shahridagi Zaryade Park loyihasini ishlab chiqishda ishtirok etgan. Bu park zamonaviy arxitekturaning katta yutug‘i va Rossiya hamda uning poytaxtining yangi ramzi deb ataladi.
Endilikda yagona dizayn-kod bilan jamoat joylarini rejalashtirish, shahar dizayni elementlarini joylashtirish, tijorat obektlarini bezash hamda shaharning vizual identifikatsiyasiga oid qoidalar belgilanadi.
Unda dizayn elementlari kataloglari, turistik va gastronomik ko‘chalar ro‘yxati, shuningdek, obodonlashtirish va sanitariya tozaligi uchun ekspluatatsiya yig‘imi miqdori ham kiritilgan.
Dizayn-kodini tartibga solishning asosiy yo‘nalishlari:
- binolar arxitekturasi: materiallar, rang yechimlari, fakturalar, fasadlar, vitrinalar va kirish qismlarini bezash;
- peshlavhalar va reklama: o‘lchamlari, shriftlari, yoritilishi va ruxsat etilgan joylashuvi;
- obodonlashtirish: trotuarlar, ko‘cha yoritkichlari, o‘rindiqlar, chiqindi qutilari, ko‘kalamzorlashtirish elementlari;
- ko‘cha elementlari: to‘siqlar, yo‘l ko‘rsatkichlari, jamoat transporti bekatlari, kichik me’moriy shakllar;
- tarixiy muhit: yodgorliklar va tarixiy hududlarning me’moriy qiyofasini saqlab qolish chora-tadbirlari.
Hujjatga ko‘ra, poytaxtdagi tuman hokimliklari ikki oy ichida bosh arxitektorlar nazorati ostida jamoat joylari chegaralari sxemalarini ishlab chiqishi kerak.









