Dunyoda har bir istakning bahosi, badali bölişi haqida eşitganmisiz? Aytaylik, xohişlaringiz evaziga umringiz qisqarib borişi haqida heç öylab körganmisiz? Onore de Balzakning “Sağri teri tilsimi” romani mana şunday savollarga javob beradi. Asar inson tabiati, orzu, nafs va hayot qiymati haqida bahs yuritadi. “5 daqiqa”ning bugungi sonida biz orzular badali, insonning çegara bilmas istaklari töğrisida gaplaşamiz.
“Sağri teri tilsimi”ning asosiy qahramonlaridan biri Rafael de Valenten ismli yoş yigit. U aslzoda tabaqaga mansub, öqimişli, orzularga berilgan, ta’sirçan inson. Lekin orzuning kattaligi hamma vaqt ham insonni qutqarmaydi. Rafael hayotda özi istagan mavqega erişa olmaydi, moliyaviy qiyinçiliklarga botadi, ruhan sinadi va oxir-oqibat hayotdan butunlay köngli soviydi.
Şunday ruhiy tuşkunlik paytida Rafael Parijdagi antiqa buyumlar dökoniga kirib qoladi. Dökon egasi yigitga sehrli xususiyatga ega bölgan sağri terisini körsatadi. Bu teri ğoyat ğayrioddiy kuçga ega bölib, u har qanday istakni amalga oşiradi. Lekin bu mukofot tekinga berilmaydi. Har bir bajarilgan istak bilan teri biroz kiçrayadi, teri kiçraygan sari istak egasining ham umri qisqaradi.
Teri — şunçaki sehrli narsa emas. U inson hayoti, vaqti, quvvati va taqdirining ramziga aylanadi. Rafael boşida bu ogohlantirişni jiddiy qabul qilmaydi. Çunki umidsiz, qaşşoq va ruhan singan odam uçun tez boyiş, tezroq baxtli böliş imkoniyati ölim xavfidan ham kuçliroq tuyuladi. Şuning uçun u terini qabul qiladi va istak bildirişni boşlaydi.
***
Rafaelning istaklari asosan boylik, mavqe, huzur-halovat va muhabbat atrofida aylanadi. U qaşşoqlikdan qutulişni, jamiyatda tanilişni, hayotning lazzatlarini tatib körişni xohlaydi. Uning hayoti bir lahzada özgaradi: keçagina heç kim bölmagan yigit birdan imkoniyatlar, pul va ta’sir doirasiga kirib boradi.
Biroq Rafael har gal teri kiçrayganini körganida, özi ham ölimga yaqinlaşayotganini his qiladi. Şunday qilib, orzu insonni qutqaruvçi kuçdan halokat quroliga aylanadi.
Rafael ma’lum bir nuqtadan keyin istak qilişdan qörqa boşlaydi. U hayotdan rohat oliş örniga, har bir qadamda öz umrining qolgan qismini hisoblab yaşaydi. Hatto qalbida tuğilgan tabiiy xohiş ham uni dahşatga sola boşlaydi. Çunki u biladiki, istak bu faqat xohiş emas, balki umrdan uzilgan bir bölakdir.
















