O‘zbekiston | 18:28 / 15.03.2026
1859
2 daqiqa o‘qiladi

“Mukofotlar uchun emas, o‘zgarishlar uchun ovoz bering” - Iqtisodiyot va moliya vazirligi

Va’da qilingan mablag‘ berilmagani bo‘yicha Iqtisodiyot va moliya vazirligiga fuqarolar tomonidan yuzlab murojaatlar kelib tushgan.

Foto: Kun.uz 

Iqtisodiyot va moliya vazirligi norasmiy Telegram botlari orqali “Tashabbusli budjet” jarayonlarida ovoz berish evaziga pul mukofotlari taklif etish holatlari bo‘yicha munosabat bildirdi.

Ma’lum qilinishicha, va’da qilingan mablag‘ berilmagani bo‘yicha Iqtisodiyot va moliya vazirligiga fuqarolar tomonidan yuzlab murojaatlar kelib tushgan.

“Ushbu holatda uchinchi shaxslar loyihalarga ovoz to‘plash maqsadida pul mablag‘i yoki moddiy qiymatliklar va’da qilgan holda fuqarolardan ovoz to‘plab, keyinchalik mukofotlarni bermaslik holatlari kuzatilmoqda.

​“Tashabbusli budjet” jarayonlarida ovoz berish faqatgina “Ochiq budjet” axborot portali, portalning Android va iOS tizimlarida ishlovchi mobil ilovalari hamda Telegram’dagi rasmiy bot orqali amalga oshiriladi”, deyiladi munosabatda.

Ta’kidlanishicha, amaldagi tartibga ko‘ra, berilgan ovozlar uchun hech qanday to‘lov talab etilmasligi bilan bir qatorda hech qanday moddiy rag‘batlantirishlar ham nazarda tutilmagan.

“Mukofotlar uchun emas, o‘zgarishlar uchun ovoz bering. Shaxsiy ma’lumotlaringizni hech kimga taqdim etmang. Firibgarlar tuzog‘iga tushib qolmang”, deya fuqarolarni ogohlikka chaqirgan vazirlik.

Дилшодбек Асқаров
Tayyorlagan Дилшодбек Асқаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid