Daromad va baxt o‘rtasidagi bog‘liqlik
Nobel mukofoti sovrindorlari Daniel Kaneman va Angus Deaton 2010 yilda o‘tkazgan mashhur tadqiqotida shunday xulosa chiqargandi: daromad yiliga taxminan 75 ming dollarga yetgach, insonning baxt darajasi deyarli oshmay qoladi. Bu miqdor bilan go‘yoki barcha asosiy ehtiyojlarni qondirish va orzu qilingan farovonlikka yaqinlashish mumkin. Ammo vaqt o‘tgan sayin pul qadrsizlana boshladi, inflatsiya o‘sdi. 2021 yilda Pensilvaniya universiteti professori Metyu Killingsvort yuqoridagi xulosaga qarshi chiqdi. U 34 ming insonning kayfiyati va hayotdan qoniqishini real vaqt rejimida o‘rgandi va umumiy 1,7 milliondan ortiq yig‘ilgan javoblarni tahlil qildi. Killingsvortning xulosasi boshqacha bo‘ldi: daromad oshgani sari baxt ham oshishda davom etadi va 75 ming dollarlik qat’iy chegara mavjud emas. Keyinchalik Kahneman va Killingsvort birgalikda ish olib borishdi va insonlarning taxminan 80 foizi uchun oddiy qoida ishlaydi degan xulosaga keldi: pul qancha ko‘p bo‘lsa, baxt ham oshib boraveradi. Biroq bu ta’sir har xil odamlar uchun turlicha namoyon bo‘ladi. Emotsional jihatdan beqaror odamlar uchun baxt hissi daromadi yiliga 100 ming dollargacha bo‘lganda tez o‘sadi, undan keyin ta’sir kamayadi. Allaqachon hayotidan qoniqadigan odamlar uchun esa baxt hissi aynan shu daromad chegarasidan keyin tezroq oshadi.
10 million dollar
Bundan 4 yil oldin Bat universiteti psixologlari guruhi ham doktor Pol Beyn rahbarligida keng ko‘lamli tadqiqot o‘tkazadi. Unda Fransiya va Saudiya Arabistonidan tortib Uganda va Vetnamgacha bo‘lgan 33 mamlakatdan qariyb 8 ming kishi qatnashadi. Ishtirokchilarga shunday savol berildi: «Lotereyadan qancha pul yutsangiz mutlaqo baxtli hayotga erishgan bo‘lardingiz?» Tanlov imkoniyati juda keng edi: 10 ming dollardan 100 milliard dollargacha. Qizig‘i shundaki, eng katta summani deyarli hech kim tanlamagan. Qatnashchilarning 86 foizi 10 million dollar yoki undan kamroq mablag‘ ham yetarli ekanini bildirgan. Ayrimlar yanada oz miqdor – 1 million dollar bilan ham o‘zlarini dunyodagi eng baxtli inson deb hisoblashga tayyorligini ma’lum qilgan.
Tadqiqotchilar xulosasiga ko‘ra, pulga nisbatan cheksiz ehtiyoj butun jamiyatga emas, balki undagi juda kichik bir guruhga xos xususiyat.
Pul odamlarni oldingidan ko‘ra baxtliroq qilyapti









