Angliya: Fernandesh va Kazemironing rekordlari
«Manchester Yunayted» – «Aston Villa» 3:1
Gollar: Kazemiro, 53 (1:0). Barkli, 64 (1:1). Kunya, 71 (2:1). Sheshko, 81 (3:1)
«Manchester Yunayted»: Lammens, Maguayr, Yoro, Shou, Dalot, Kazemiro (Ugarte, 90+1), Maynu, Brunu Fernandesh, Kunya, Diallo, Mbemo (Sheshko, 75)
«Aston Villa»: Martines, Konsa, Mings, Din (Matsen, 82), Bogard, Barkli (Duglas Luis, 82), Onana, Makginn (Beyli, 61), Buendiya (Garsiya, 86), Rodjyers, Uotkins (Abraham, 60)
Ogohlantirishlar: Kazemiro, 60. Yoro, 72. Maguayr, 90 – Uotkins, 41. Buendiya, 69
Angliyada «Liverpul» va «Tottenhem» to‘qnashuvi ko‘pchilik tomonidan yakshanba oqshomidagi markaziy bahs sifatida qaralgan bo‘lsa-da, turnir jadvalidagi vaziyat jihatidan «Old Trafford»dagi o‘yinga ham e’tibor katta edi. Uchinchi va to‘rtinchi o‘rindagi bu jamoalar «Chelsi»ning shanba kungi yo‘qotishidan foydalanib, oldinga chiqib ketish imkoniyatiga ega edi. Ammo mas’uliyat yuqoriligi o‘yinning tomoshabopligiga zarar yetkazdi, ayniqsa «Aston Villa» ancha ehtiyotkorlik bilan o‘ynadi.
Birminghemliklar jamoasi birinchi bo‘limda birorta xavfli vaziyat yaratmadi. «MYu» esa taxminan 20-daqiqalardan tashabbusni qo‘lga oldi va muvaffaqiyatli pressing evaziga bosimni oshirdi. Buning ortidan mezbonlar ikkita xavfli vaziyatlarga ham ega bo‘ldi. Birinchi holatda standart vaziyatda Maguayr to‘pni Dialloga qulay qilib tashlab berdi, ammo Martines bosh bilan uzoq burchagiga yo‘llagan murakkab zarbani qaytarib qoldi. Ikkinchi holatda esa Diogu Dalotning qulay nuqtadan yo‘llagan zarbasidan keyin to‘p yuqoriga ketib qoldi.
«Qizil iblislar» tanaffusdan keyin bosimni yanada kuchaytirdi, 53-daqiqada Fernandeshning burchakdan uzatmasini Kazemiro golga aylantirdi. Braziliyalik yarimhimoyachi uchun bu joriy mavsumdagi yettinchi gol bo‘ldi va u «Real»dagi faoliyatida qayd etgan eng yaxshi natijasini yaxshiladi, e’tiborli jihati bu gollardan beshtasida unga Fernandesh assistentlik qilgan.
Portugaliyalik sardor bu orqali mavsumdagi golli uzatmalari sonini 15 taga yetkazdi va bu borada klub rekordini takrorladi (Bekhemda ham 1999/2000 yillar mavsumida 15 ta assist bo‘lgan).
Lekin o‘tkazib yuborilgan gol «Villa»ni uyg‘otib yubordi. Mehmonlar diqqatni jamlab oldi va jiddiy kurash taklif eta boshladi. Avvaliga Onana xavfli zarba berganida Lammens o‘zini ko‘rsatishiga to‘g‘ri keldi. Keyin esa uzoq cho‘zilgan hujumlardan biri Barkli Dinning qanotdan uzatmasini golga aylantirishi bilan yakunlandi – 1:1.













