Toshkent shahrida yangi qurilayotgan “Rohat” turar joy majmuasi qurilish firmasining kredit qarzdorligi sabab auksion savdolariga chiqarildi. Bu haqda mazkur turar joy majmuasidan xonadon xarid qilgan fuqarolar Kun.uz’ga murojaat yo‘lladi.

“Biz pul to‘laganmiz”

Ma’lum bo‘lishicha, 2022 yildan 2025 yilga qadar yuzlab xaridor Yashnobod tumani Ohangrabo ko‘chasida qurilayotgan turar joy majmuasidan xonadon sotib olish maqsadida “Broccoli Plus” MChJ bilan shartnoma imzolagan. Ular tuzilgan shartnomaga muvofiq ulush kiritish asosida “dom”ning qurilishi uchun to‘lovlarni amalga oshirib kelishgan. Kimdir shartnoma bo‘yicha belgilangan summanining asosiy qismini to‘lagan bo‘lsa, yana kimdir to‘lovni to‘liq amalga oshirib bo‘lgan.

Murojaatchilarga ko‘ra, shartnomaga muvofiq turar joy majmuasi 2024 yil 3-choragida to‘liq qurib, topshirilishi kerak bo‘lgan. Biroq ko‘p qavatli uy bugungi kunga qadar foydalanishga topshirilmagan.

“Dom” auksionga qo‘yilgan”

Bugungi kunda turar joy majmuasi 63 mlrd 342 mln so‘m boshlang‘ich narx bilan auksion savdolariga chiqarilgan. Bunga “Broccoli Plus” MChJning kredit qarzdorligi sabab bo‘lgan.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchtepa tumanlararo sudining 2025 yil 31 oktyabrdagi hal qiluv qaroriga ko‘ra, bank va “Broccoli Plus” MChJ o‘rtasida 2022 yil 24 dekabrda kredit shartnomasi tuzilgan. Unga muvofiq bank MChJga bir yillik imtiyozli davr bilan 2 yilga 5,5 mln dollar kredit ajratgan. Kredit ta’minoti sifatida esa murojaatchilar e’tiroziga sabab bo‘layotgan turar joy majmuasi ham qo‘yilgan.

Qurilish firmasi mazkur kredit shartnomasi shartlarini bajarmagan. Oqibatda qarzdorlik yuzaga kelgan. Shu sababli, Savdo-sanoat palatasi bank manfaatlarini ko‘zlab, sudga da’vo arizasi kiritgan. Sudning hal qiluv qarori bilan kredit qarzdorligini undirish, undiruvni garov mulkiga qaratish haqida da’vo arizasi qanoatlantirilgan. So‘ngra, turar joy majmuasi auksion savdolariga chiqarilgan.

Endilikda turar joy majmuasi qurilishida ulushdor sifatida pul to‘lagan xaridorlar obekt auksionda sotilib, boshqa investor yoki qurilish tashkilotiga o‘tib ketsa, xonadonlar o‘zga shaxslarga sotib yuborilishi xavfi yuzaga kelganidan xavotirda.

“Masala hal bo‘ladi”

Kun.uz holatga oydinlik kiritish maqsadida qurilish firmasi vakili bilan bog‘landi. Uning bildirishicha, ushbu masala yaqin kunlarda to‘liq hal bo‘ladi.