Donald Tramp NATO bo‘yicha ittifoqchilarini Vashingtonga Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali tankerlar va boshqa savdo kemalari o‘tishini blokdan chiqarishda yordam berishdan bosh tortgani uchun keskin tanqid qildi, shu bilan birga, u AQSh hech kimning yordamiga muhtoj emasligini ta’kidlagan.

Avvalroq AQSh prezidenti dunyoning bir qancha mamlakatlaridan, jumladan, NATO a’zolaridan Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi kemachilik xavfsizligini ta’minlash uchun o‘z harbiy kemalarini yuborishni so‘ragandi. Ushbu transport magistrali Eron tomonidan to‘sib qo‘yilishi neft narxi keskin ko‘tarilishiga olib kelgan.

Seshanba kuni Tramp o‘ziga tegishli bo‘lgan Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida uzun postlar yozib, «NATO bo‘yicha „ittifoqchilar“ning ko‘pchiligi AQShning Eron terrorchilik rejimiga qarshi harbiy amaliyotiga aralashishni istamasligi» haqida xabardor qilganini bildirgan.

Tramp bundan sira ajablanmagani, chunki NATOga doim «faqat bir tomonlama harakat mavjud bo‘lgan ko‘cha» sifatida qaraganini aytgan: «Biz bu davlatlarni himoya qilish uchun yiliga yuzlab milliard dollar sarflaymiz, lekin ular biz uchun, ayniqsa, og‘ir damlarda hech narsa qilishmaydi».

U AQSh va Isroil Eron armiyasi, floti va harbiy-havo kuchlarini yakson etgani, shuningdek, Eronning «amalda barcha darajadagi» yetakchilarini o‘ldirganini takrorlagan.

«[Yaqin Sharqdagi] harbiy muvaffaqiyatlarimiz tufayli, biz endi NATO mamlakatlari yordamiga «muhtoj» emasmiz va ularning yordamini xohlamaymiz – biz hech qachon bunga muhtoj bo‘lmaganmiz», deya yozgan Tramp.

U bu gaplar Yaponiya, Avstraliya va Janubiy Koreyaga ham tegishli ekanini ta’kidlagan.

Besh mamlakatga iltimos

Keyinroq, Oq uyning Oval kabinetida Irlandiya bosh vaziri Mixol Martin bilan uchrashuv chog‘ida Tramp NATO davlatlarini urushdagi pozitsiyasi uchun tanqid qilishda davom etdi.

«Bizga hech kimning yordami kerak emas», – deydi AQSh prezidenti jurnalistlardan birining savoliga javoban.

«O‘ylaymanki, NATO juda ahmoqona xatoga yo‘l qo‘ymoqda. Hamma bizning fikrga qo‘shiladi, lekin hech kim yordam berishni istamaydi. Va biz, AQSh, buni yodda tutishimiz kerak, chunki bu biz uchun juda g‘ayritabiiy ko‘rinmoqda», – degan u.

NATOdagi ittifoqchilariga qarshi javob choralarini ko‘rishi ehtimoli haqidagi savolga javoban, u bunday rejalari yo‘qligini aytgan.