18-20 mart kunlari futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasida 4-tur o‘yinlari o‘tkazildi.
QIZILQUM 0:1 OKMK
Gol: Abror Karimov, 34 (0:1)
OKMK mavsumdagi birinchi g‘alabasini Navoiyda qo‘lga kiritdi. Yagona gol «Qizilqum»ni mag‘lub etish uchun yetarli bo‘ldi. Olmaliqliklar ushbu g‘alabadan keyin musobaqa jadvalida 10-o‘ringa ko‘tarilib oldi.
«Qizilqum» bosh murabbiyi Akmal Rustamov jamoa yagona xato tufayli yutqazganini aytdi. OKMK ustozi Mirjalol Qosimov futbolchilarning ishtiyoqini telefondagi o‘yinlar olib qo‘yayotganidan shikoyat qildi. «Hozir telefon chiqib ko‘plarning xayolini olyapti, telefondagi o‘yinlar maydondagi futboldan ko‘proq azart beryapti. Qaniydi maydonda ham shunday kurash kechsa. Telefondagi o‘yinlar yoshlarning miyasini buzyapti», dedi u.
QO‘QON-1912 2:1 NAVBAHOR
Gollar: Anri Chichinadze, 14 (0:1), Javohir Husanov, pen 28 (1:1), Muhammadanas Hasanov, 90+4 (2:1)
Qo‘qonda kutilmagan natija qayd etildi. G‘alaba nimaligini bilmay kelayotgan mezbonlar «Navbahor»ni irodali tarzda mag‘lub etishga erishdi. G‘alaba keltiruvchi gol so‘nggi daqiqalarda urildi.
«Qo‘qon-1912» ustozi Andrey Shipilov bugun omad kulib boqqanini tan oldi. «Navbahor» bosh murabbiyi Temur Kapadze mag‘lubiyatni boshqa narsalar qatori maydon holati bilan ham bog‘ladi. «Maydon ham og‘ir, o‘t baland ekan, bu esa raqibga qo‘l keldi. Maydonda to‘p sekin yurdi, bizga og‘irlik qildi, maydon holati bilan kurash olib bordik», dedi u.
XORAZM 1:2 BUNYoDKOR
Gollar: Nosirjon Abdusalomov, 16 (0:1), Matiya Krivokapich, 43 pen (0:2), Temur Ismailov, 54 (1:2)
Chetlatish: Sardor Rahmonov, 62 (Bunyodkor)
«Bunyodkor» Urganchdagi qiyin o‘yinda 3 ochkoni qo‘lga kiritdi. Toshkentliklar so‘nggi yarim soatni raqibga nisbatan kamchilikda o‘tkazdi, ammo g‘alabani ushlab qolishga erishdi.
«Xorazm» bosh murabbiyi Sergey Tokov ikkita gol o‘tkazib yuborilgan birinchi bo‘lim haqida «uyalishimiz kerak» dedi. «Bunyodkor» ustozi Ilyos Zeytullayev g‘alabadan xursandligini yashirmadi va o‘zini «o‘zbek Spalettisi» deb atalishiga xotirjam munosabatda ekanini ta’kidladi. «Men o‘zimni o‘zbek spagettisi deyman (kulib). Menga Spaletti murabbiy sifatida yoqadi, lekin men angrenlikman», dedi u.











