22 mart, yakshanba kuni Isroil harbiylari Livan janubini mamlakatning markaziy qismi bilan bog‘lab turgan va mintaqadagi eng muhim ko‘priklardan biri hisoblangan Litani daryosi ustidagi ko‘prikni vayron qildi. Bu Isroil va Livan o‘rtasidagi mojaroda keskinlikning yangi bosqichi bo‘ldi.

Shu kunning o‘zidayoq Isroil mudofaa vaziri Israel Kats Isroil mudofaa armiyasi (TSAHAL) Livan janubiy chegarasi yaqinidagi uylarni buzish ishlarini jadallashtirish va Litani daryosi ustidagi barcha ko‘priklarni yo‘q qilish vazifasini olganini ma’lum qildi. Bu orqali “Hizbulloh” bo‘linmalariga qurol-yarog‘ yetkazib berishga to‘sqinlik qilish maqsad qilingan.

Shu orada, TSAHAL Bosh shtabi rahbari, general-leytenant Eyal Zamir 22 mart kuni “Hizbulloh”ga qarshi quruqlikdagi operatsiya ko‘lamini kengaytirish niyati borligini bildirdi.

“Terroristik tashkilot ‘Hizbulloh’ga qarshi operatsiya endigina boshlandi”, — deb uning so‘zlarini keltiradi AFP agentligi.

Reuters agentligining qayd etishicha, fuqarolik infratuzilmasi obektlarining yo‘q qilinishi Isroil hujumida sezilarli keskinlashuv yuz berayotganini anglatadi. Livan prezidenti Jozef Aun Isroil harakatlarini qoraladi, inson huquqlari tashkiloti Human Righs Watch esa Livan janubidagi uylarni buzishni “harbiy jinoyat” deb atadi.

Reuters eslatishicha, o‘tgan o‘n kun davomida Isroil Livan janubida bir qator ko‘priklarni yo‘q qilgan. Chegaraga yaqin Livan qishloqlaridagi uylarni buzish haqida gapirar ekan, Israel Kats bu chora Isroil jamoalarining xavfsizligini ta’minlash uchun zarurligini aytdi. Shu munosabat bilan mudofaa vaziri G‘azo sektorida amalga oshirilgan shunga o‘xshash harakatlarni esga oldi — u yerda chegara hududlaridagi binolarni yo‘q qilish orqali “bufer zona” deb ataluvchi hudud yaratilgan edi.

Bundan avval, Isroil ommaviy axborot vositalari xabar berishicha, Misgav-Am kibutsida isroillik shaxs Livan tomonidan uning avtomobiliga qarshi tank snaryadi otilishi oqibatida halok bo‘lgan. Bundan tashqari, Livan janubidagi janglarda ikki nafar isroillik harbiy o‘ldirilgan.

Livan tomoni ma’lumotlariga ko‘ra, Isroil hujumlari oqibatida Livanda 1000 nafardan ortiq odam halok bo‘lgan. Ular orasida qariyb 120 nafar bola, 80 nafar ayol va 40 nafar tibbiyot xodimi bor. Reuters ta’kidlashicha, Livan rasmiylari bu statistikada halok bo‘lgan harbiylar va tinch aholi vakillarini alohida ko‘rsatmaydi.