Amerikaning New York Times gazetasi va Reuters agentligi o‘z manbalariga tayanib xabar berishicha, Pentagon yana 2000 nafar askarini Eron bilan urush doirasida prezident Donald Trampga qo‘shimcha variantlar taqdim etish uchun Yaqin Sharqqa yuborishga buyruq bergan.

Bu xabarlar Trampning o‘zi AQSh Tehron bilan «hozirning o‘zida» urushni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar olib borayotgani va Eron «bitim tuzishni juda xohlayotgani» haqidagi bayonotlari fonida paydo bo‘ldi. Tramp bu safar ham tafsilotlarni ma’lum qilmadi, biroq OAV Vashington urushni yakunlash bo‘yicha 15 banddan iborat rejani Tehronga taqdim etgani haqida yozmoqda.

Pentagon AQSh armiyasi 82-havo-desant diviziyasi qo‘shimcha kuchlarini Yaqin Sharqqa yuborishni boshlashga buyruq bergan. Bu haqda The New York Times gazetasi AQSh mudofaa vazirligidagi ikki manbaga tayanib xabar berdi.

Mudofaa vazirligi vakili xavfsizlik nuqtayi nazaridan qancha askar va aynan qayerga borishini sir saqlamoqda.

Nashr ma’lumotiga ko‘ra, gap «Tezkor harakat kuchlari» (IRF)ning 2000 nafarga yaqin harbiy xizmatchisi haqida ketmoqda – bu 18 soat ichida dunyoning istalgan nuqtasida joylashtirilishi mumkin bo‘lgan 3 mingga yaqin harbiy xizmatchidan iborat brigada hisoblanadi. Kontingent tarkibiga taxminan 800 nafar askardan tuzilgan ikkita batalyon, shuningdek, general-mayor Brendon Tegtmayyer boshchiligidagi qo‘mondonlik diviziyasi kiradi.

Xuddi shu vaqtda, Reuters agentligining vaziyatdan xabardor bo‘lgan manbalariga ko‘ra, mintaqaga olib kelinadigan qo‘shimcha kuchlar soni ko‘proq bo‘lishi va 3 000–4 000 kishiga yetishi mumkin. Ularning so‘zlariga ko‘ra, hozircha to‘g‘ridan to‘g‘ri Eron hududiga qo‘shin kiritish bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilinmagan.

«Epik g‘azab» harbiy operatsiyasiga Yaqin Sharq, AQSh va Yevropadan jami 50 mingga yaqin harbiy xizmatchi jalb qilingan.

Dushanba kuni Donald Tramp Oval kabinetda jurnalistlar bilan bo‘lib o‘tgan va uzoq davom etgan muloqot chog‘ida Erondagi urushga oid ko‘plab masalalar bo‘yicha fikr bildirgan, biroq Eron hududiga qo‘shinlarni joylashtirish ehtimoliga to‘xtalmagan.

Harbiy ekspertlar ta’kidlashicha, ehtimoliy joylashtirish Eronga Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali kemalar o‘tishini tiklash uchun bosimni kuchaytirishga qaratilgan bo‘lishi mumkin, deydi BBC’ning Vashingtondagi muxbiri Deniyel Bush.