Davlat rahbari Tojikiston prezidentining ushbu davlat tashrifi tarixiy ahamiyatga ega bo‘lib, ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro hurmat rishtalarini mustahkamlashda yana bir muhim qadam ekanini alohida ta’kidladi.
– Bugun biz Oliy davlatlararo kengashning birinchi yig‘ilishini boshlab bermoqdamiz. Ushbu format, shubhasiz, ikki tomonlama hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘taradi, O‘zbekiston – Tojikiston strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini amaliy mazmun va ilg‘or tashabbuslar bilan boyitishga xizmat qiladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Hukumatlar, parlamentlar va idoralar darajasidagi faol va yaqin aloqalar mamnuniyat bilan qayd etildi.
Tashrifga tayyorgarlik doirasida Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi, sanoat ko‘rgazmasi va hududlar, rektorlar, olimlar, yoshlar va tahlil markazlarining forumlari muvaffaqiyatli tashkil qilindi. Ayni paytda mamlakatimizda Tojikiston madaniyati va kinosi kunlari o‘tkazilmoqda.

Yig‘ilishda tomonlar hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini batafsil muhokama qilib, ishga solinmagan imkoniyatlardan foydalanish yo‘llarini tahlil qildilar hamda o‘zaro manfaatli O‘zbekiston – Tojikiston hamkorligini mustahkamlashga katta sur’at bag‘ishlaydigan bir qator muhim qarorlarni qabul qildilar.
O‘zaro savdo hajmini oshirish, sanoat kooperatsiyasini rag‘batlantirish, transport sohasida o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash, suv va energetika xavfsizligini kuchaytirish choralariga alohida e’tibor qaratildi.
O‘tgan yili tovar ayirboshlash hajmi, eng avvalo, tayyor mahsulotlarni o‘zaro yetkazib berish hisobiga qariyb 1 milliard dollarga yetdi.
Sanoat, qurilish, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, elektrotexnika, farmatsevtika va boshqa ko‘plab sohalarda qator kooperatsiya loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.
Bugungi kunda ikki mamlakat poytaxtlari o‘rtasida aviareyslar, avtobus va poyezd qatnovlari yo‘lga qo‘yilgan. Yuk tashish hajmi jadal o‘sib bormoqda.
2030 yilga borib, o‘zaro savdoni 2 milliard dollarga yetkazish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.










