150 dollarga sotib olmoqchi bo‘lgan atiringiz aslida Dubaydan 15 dollarga keltirilganini bilsangiz xaridni amalga oshirgan bo‘larmidingiz? Maqolada “uyning podshohi kimligi” hamda “bir dollar tikmasdan biznes yuritish” haqidagi gaplari bilan tanilgan Ikromjon Tojiddinovning Premium Pro kompaniyasi misolida tarmoqli marketingga “ichkaridan” nazar tashlaymiz.

Oxirgi vaqtlarda Kun.uz’ga O‘zbekistonda tarmoqli marketing orqali mahsulot o‘tkazayotgan firmalar faoliyati bilan bog‘liq murojaatlar ko‘paydi. Murojaatlarda nomi keltirilgan firmalardan birini tanlab olib, uning faoliyatini o‘rgandik. Bu “Premium Pro world” mas’uliyati cheklangan jamiyati. Firma O‘zbekistonda “Premium Pro” nomli atir mahsulotlarini tarmoqli marketing usulida sotib keladi.

Tarmoqli marketing nima?

Tarmoqli marketing biror mahsulot yoki xizmatni oddiy do‘kon va an’anaviy bozorda emas, mustaqil sotuv agentlar tarmog‘i orqali sotish tizimi. Bunda har bir sotuv agenti o‘zi sotgan yoki u taklif qilgan boshqa sotuv agenti o‘tkazgan mahsulot summasidan bonus ko‘rinishida daromad oladi.

Oddiy aytganda, tarmoqli marketing “sot, sottir va daromad ol” formulasiga asoslanadi. Masalan, kompaniya mahsulot ishlab chiqaradi → biz shartli ravishda Vali deb atagan shaxs unga mustaqil distribyutor bo‘ladi → u mahsulot sotadi va foiz oladi → Vali boshqa mustaqil distribyutorni jalb qiladi hamda ularning sotuvidan ham foiz oladi.

Premium Pro – “bir dollarsiz” boshlangan biznes

“Premium Pro world” mas’uliyati cheklangan jamiyati 2022 yil 5 sentabr kuni davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Uning yagona ta’sischisi va rahbari Shoxrux Ubaydullayev. Ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy kanallarida qayd etilishicha, kompaniya asoschisi “uyning podshohi kimligi” hamda “bir dollar tikmasdan biznes yuritish” haqidagi gaplari bilan tanilgan Ikromjon Tojiddinov hisoblanadi.

Ikromjon Tojiddinovning ta’kidlashicha, u ushbu biznesni o‘zi aytgani kabi “bir dollarsiz” boshlagan. Ya’ni ushbu atir biznesi uchun investitsiyani boshqa odam kiritgan.

Qanday ishlaydi?