Musulmonlar idorasi raisi shayx Nuriddin Xoliqnazar va Diniy qo‘mita rasmiysi Davron Maqsudov Shvetsiya parlamentida chiqish qildi. Ular O‘zbekistonda dinlararo bag‘rikenglik va vijdon erkinligini ta’minlash yo‘lidagi o‘zgarishlar haqida gapirib, xorijlik mutaxassislar bilan «qizg‘in savol-javoblar» o‘tkazgan.
Joriy yil 24 mart kuni Shvetsiya parlamentida O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlar hamda bag‘rikenglik, millatlararo hamjihatlik borasida qilinayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Stokholmdagi tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazar, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davron Maqsudov va O‘zbekistondagi diniy konfessiya yetakchilari, elchixona vakillari qatnashdi. Shvetsiya tomonidan parlament a’zolari va boshqa rasmiylar ishtirok etgan.
«Taqdimotda davlatimiz tomonidan diniy bag‘rikenglik tamoyillarini qaror toptirish, turli millat va elatlar o‘rtasida do‘stlikni yanada mustahkamlash borasida keng ko‘lamli ishlar, ushbu yo‘nalishda amalga oshirilgan ishlar hamda ilgari surilgan ezgu tashabbuslar xalqaro hamjamiyat tomonidan e’tirof etilayotganiga urg‘u qaratildi», deyiladi diniy idora xabarida.

Shuningdek, seminarda O‘zbekistonda so‘nggi yillarda jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashishga alohida e’tibor qaratilayotgani, bu yo‘lda aholining diniy-ma’rifiy savodxonligini oshirish bo‘yicha muntazam tushuntirish ishlari olib borilayotgani ta’kidlangan.
Musulmonlar idorasiga ko‘ra, seminar xorijlik mutaxassislar va ishtirokchilar bilan qizg‘in savol-javoblar bo‘lib o‘tgan, lekin, diniy idora tadbirda ko‘tarilgan savollar va masalalarga haqida ma’lumot bermagan.
Bundan tashqari, 24 mart kuni ikkita alohida uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Dastlab Shvetsiya Tashqi ishlar vazirligining Dinlararo muloqot bo‘yicha maxsus vakili, elchi Kristian Kamil hamda vazirlikning Markaziy Osiyo va Yaqin Sharq yo‘nalishi mas’ullari bilan muloqot o‘tkazildi.
Unda O‘zbekiston rasmiylari «mamlakatda «Jaholatga qarshi ma’rifat» tamoyili asosida olib borilayotgan islohotlar, dinlararo bag‘rikenglik va vijdon erkinligini ta’minlash borasidagi ijobiy o‘zgarishlar haqida batafsil ma’lumot bergan».

















