«Real» amalda chempionlik kurashidan chiqdi

«Malyorka» – «Real» 2:1
Gollar: Morlanes, 41 (1:0). Eder Militao, 88 (1:1). Murichi, 90+1 (2:1)
«Malyorka»: Roman, Maskarel, Valent, Moxika, Maffeo, Darder, Morlanes (Lopes, 70), Koshta (Virxili, 70), Pablo Torre (Jozef, 70), Muriki, Luvumbu (Sanches, 81)
«Real»: Lunin, Ryudiger, Hausen (Eder Militau, 59), Karreras, Aleksandr-Arnold, Kamavinga (Bellinghem, 59), Tshuameni, Arda Guler (Pitarch, 72), Manuel Anhel (Vinisius Junior, 59), Mbappe, Dias (Mastantuono, 76)
Ogohlantirishlar: Roman, 66. Valent, 84. Luvumbu, 90. Maffeo, 90 – Hausen, 47. Mastantuono, 90

«Real» chempionlik poygasining hal qiluvchi pallasida qoqildi. 30-turda madridliklar klubi chempionatning 18-o‘rindagi jamoasi bo‘lib turgan «Malyorka» maydonida sensatsion tarzda mag‘lubiyatga uchradi (1:2).

O‘tgan turda qizil olgani uchun Valverde diskvalifikatsiyaga uchragandi, natijada «Kastilya» jamoasi sardori Manuel Moran boshlang‘ich tarkibda debyut qilish imkoniga ega bo‘ldi. Jamoa yetakchilaridan biri Kilian Mbappe 21 fevraldan buyon ilk bor la liga uchrashuvida ilk daqiqalardan harakat qildi. Shuningdek, Karreras va Kamavinga safga qaytgandi. Qolaversa, Militao, Asensio va Bellinghem zaxira o‘rindig‘idan joy olishdi.

Ammo jarohatdan endi qaytgan futbolchilar hali formasini tiklashga ulgurmagani ma’lum bo‘ldi. Mbappe birinchi bo‘limda ikki bor darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatdan foydalana olmadi. Mezbonlar darvozaboni Ardaning ham xavfli zarbasini bartaraf etdi.

41-daqiqada esa hisob ochildi. Eduardo Kamavinga mezbonlar yarimhimoyachisi Manu Morlanesni qo‘riqlamadi va u Luninni osonlik bilan dog‘da qoldirdi.

Mbappe vaziyatni o‘nglashga harakat qildi, ammo Roman uning navbatdagi xavfli zarbasini ham qaytardi. 60-daqiqada Arbeloa Vinisius, Bellinghem va Militaoni, biroz o‘tib Pitarch va Mastantuononi maydonga tashladi.

Tarkib kuchaytirilganiga qaramay, o‘yin oxirigacha yaqqol golli vaziyatlar yaratilmadi. Faqat 88-daqiqada standart vaziyat ish berdi: Trent to‘pni burchakdan oshirdi, Militao bosh bilan aniq zarba berdi.

Ammo madridliklar klubi bu oqshom bir ochko ham qo‘lga kirita olmadi. Qo‘shimcha daqiqalar boshlanganida Trent Jozefni o‘tkazib yubordi, u esa jarima maydoni ichida ochilgan Murikini golli pas bilan ta’minladi. 31 yoshli kosovolik hujumchi jamoasiga g‘alaba olib keldi va to‘purarlar poygasida 19 gol bilan ikkinchi o‘rinni mustahkamladi. 23 gol bilan ushbu ro‘yxatni boshqarayotgan Kilian Mbappega esa bu oqshom gol urish nasib etmadi.