Toshkentda yurak nuqsoni sabab operatsiya qilingan 8 oylik go‘dak vafot etdi. Ona shifokorlar harakatlarini shubha ostiga olib, xayriyadan tushgan pullar faqat bitta dorixonaga borib tushayotganini aytmoqda. Uning gaplarini boshqa ota-onalar ham tasdiqlagan. Shifokor bolaning o‘limiga og‘ir yondosh kasalliklar sabab bo‘lganini ma’lum qildi.

Jizzax viloyatida yashovchi 8 oylik Muhammadaziz Qo‘chqorov tug‘ma yurak nuqsoni bilan Toshkent davlat tibbiyot universiteti bolalar ko‘p tarmoqli klinikasi (xalq tilida SAMPI) kardioxirurgiya bo‘limida operatsiya qilingan. Jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli o‘tgani aytilgan, lekin oradan uch kun o‘tib bolaning ahvoli og‘irlashib, vafot etgan.

Dorixonaga pul to‘lab, dorisiz ketasiz”

Yagona Qo‘chqorova, Muhammadazizning onasi:

— 26 fevral kuni ertalab shifokorlar kelishdi. Bola shishib ketgan, oyoqchalarigacha, hammayog‘i shishgan, siymay chiqdi desam, bitta ukol qilamiz deb ukol qilishdi. Shundan keyin 2-3 mahal siydi. Bolani badanlari boshqacha bo‘lib o‘zgardi, ko‘karishlar bo‘ldi. Faqat shu ukollarni qildi, keyin olib kirib ketib komaga solib apparatga qo‘yishgan. Shu bilan turmadi bolam...

19 yoshli o‘g‘lim kirganida shifokor: “Bolani kasalxonadan tirik, og‘ir ahvolda olib chiqib ketyapmiz. Uyga yetib borguncha o‘lib qolsa, shifokorlarga da’voyimiz yo‘q” degan tilxat yozdirib olib, keyin bolaning o‘ligini bergan. Ertasiga ukasi ko‘milgandan keyin nega unday yozib berganini so‘rasam: “Ukangni bermaymiz, morgga topshirib yuboramiz” deyishgani uchun yozganini aytyapti. Lekin u nima tilxat ekaniga o‘g‘limning aqliyam yetmagan.

Mening bolam qaytib kelmaydi, lekin boshqa onalar menga o‘xshab kuymasin. U yerda o‘sha haftaning o‘zida 12-11 nafar bola o‘lib chiqib ketyapti. Kasalxonada ro‘za oyida xayriya pullari kelganida kasal bolalarni olib chiqib videoga oldirib, televideniyelarga yoki hokimiyatlarga ko‘rsatib, ertasiga xayriyadan olgan pullarini olib qo‘yishyapti. +5 degan aptekasi bor ekan o‘zlarining, bemorning yaqinlarini o‘sha yerga jo‘natyapti. U yerda pulni to‘laysiz, “ketavering, o‘zimiz olib borib beramiz” deydi. Qo‘lingizga dori-darmon ham, hech narsa bermaydi.

Balki hamma operatsiyalar davlat tomonidan qilinayotgandir, lekin hamma yonidan ham xarajat qilyapti. Mening o‘g‘limning operatsiyasi uchun fonddan 24 mln pul o‘tkazildi. O‘zim qilgan xarajatlarim – 4,5–5 millionga dori-darmonlar olib keldim. Lekin 2000 dollarlab sanab bergan onalar bor u yerda. Hamma o‘sha aptekaga pulini sanab berib, dorisiz ketyapti.