Noyyer oqshom qahramoni
«Real» – «Bavariya» 1:2
Gollar: L. Dias, 41 (0:1). Keyn, 46 (0:2). Mbappe, 74 (1:2)
«Real»: Lunin, Ryudiger, Hausen (Eder Militau, 62), Karreras, Aleksandr-Arnold, Tshuameni, Pitarch (Bellinghem, 62), Arda Guler (B. Dias, 71), Valverde, Vinisius Junior, Mbappe
«Bavariya»: Noyyer, Upamekano, Ta, Laymer (Deyvis, 69), Stanishich, Kimmih, Pavlovich (Goretska, 90+3), Gnabri (Musiala, 69), L. Dias (Bishof, 90+3), Olise, Keyn
Ogohlantirishlar: Tshuameni, 36 – Ta, 71. L. Dias, 77. Noyyer, 82. Musiala, 86
«Real» Chempionlar ligasi chorakfinalidagi ilk uchrashuvda «Bavariya»ga mag‘lub bo‘ldi. Ammo Madriddagi o‘yinda mezbonlar kutilganidan yaxshiroq harakat qilishdi.
«Bavariya» o‘yinni juda kuchli boshladi. Vensan Kompani jamoasi tajovuzkor pressing evaziga o‘yin boshlanganiga 43 soniya bo‘lganidayoq ilk xavfli vaziyatini yuzaga keltirdi. O‘yin startida myunxenliklar «Real» jarima maydoni atrofida ketma-ket standart vaziyatlarga ega bo‘lishdi. «Qaymoqranglilar» darvozasida jarohatdagi Kurtua o‘rnini egallagan Lunin to‘pga chiqishda xatolarga yo‘l qo‘ydi. Shunga qaramay, mezbonlar bu oraliqdan gol o‘tkazmasdan o‘tib olishdi. To‘qqizinchi daqiqada «Bavariya»da superimkoniyat yuzaga keldi – jamoa jarima zarbasini ayyorlik bilan ijro etib, uning yakunida Yupamekano darvoza qarshisida yolg‘iz qoldi, ammo u bir necha metr masofadan turib to‘pni to‘g‘ri tepa olmadi.
Shundan keyin «Real» ham hujumga o‘ta boshladi. Guler Mbappeni yaxshi vaziyatga chiqardi, ammo Noyyer ishonchli harakat qildi. 18-daqiqada esa 40 yoshli darvozabon Vinisiusning zarbasini ham qaytardi. Mezbonlar vaqti-vaqti bilan qarshi hujumlar uyushtirishdi, ammo o‘yinda mehmonlar to‘liq ustunlik qilishdi. Myunxenliklar kuchli pressingni davom ettirishdi, shunday vaziyatlardan birida yosh Pitarch to‘pni raqibga oldirdi, ammo Lunin Gnabrining zarbasini qaytarib, jamoani muqarrar goldan qutqardi. Javob hujumida esa Mbappe hisobni ochishi mumkin edi, ammo Noyyer bunga yo‘l qo‘ymadi.
«Bavariya» birinchi bo‘limda yaxshiroq ko‘rindi va tanaffus arafasida haqli ravishda hisobda oldinga chiqib oldi. Keyn, Gnabri va Dias ishtirokidagi kombinatsiya kolumbiyalik hujumchi yakkama-yakka vaziyatga chiqib borishi va darvozabonni dog‘da qoldirishi bilan yakunlandi. Bu hujum maydon markazida Vinisius to‘pni yo‘qotishi bilan boshlandi, hujum yakunida esa Trent o‘zi qo‘riqlashi kerak bo‘lgan futbolchini ko‘zdan qochirdi.
«Real» uchun ikkinchi bo‘lim debyuti ham muvaffaqiyatsiz kechdi. Hakam hushtagi chalinishidan ko‘p o‘tmay Pavlovich maydon markazida Karrerasdan to‘pni olib qo‘ydi va golli hujumni boshlab berdi. Hujum yakunida Olisedan to‘pni qabul qilib olgan Harri Keyn yerlatib aniq zarba yo‘lladi. Biroz o‘tib fransiyalik vingerning o‘zi hisobni yanada yiriklashtirishi mumkin edi – Lunin yaqin burchagiga yo‘llangan zarbani qaytarib qoldi.












