7 aprel kuni Amerika Qo‘shma Shtatlari va Eron o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish rejimi e’lon qilindi. Bu vaqtda Ko‘rfazdagi boy arab davlatlari yetakchilari xavotirli yangi voqelik bilan kurashmoqda.
Bir vaqtlar Dubay va Doha kabi boy shaharlardagi siyosatchilar, investorlar va aholi o‘zlarini mintaqadagi mojarolardan amalda himoyalangan deb hisoblagan. AQSh va Isroilning Eronga qarshi urushi bu taxminni parchalab tashladi, deb yozmoqda New York Times'ning Ko‘rfaz byurosi rahbari Vivian Nereym.
Avvalo, Ko‘rfaz mamlakatlari Eronning minglab raketa va dronlari yetkazgan zararni qoplashi kerak. Energiya eksportidagi uzilishlar tufayli joriy yilda iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlari qisqarishi kutilmoqda. Shu bilan birga ular Isroil, Eron va o‘zlarining asosiy xavfsizlik kafolati bo‘lgan AQSh bilan munosabatlarini qayta ko‘rib chiqishga majbur bo‘lmoqda. Chunki urush arablarning neft konlari, suvni chuchuklashtirish zavodlari, mehmonxona va aeroportlari naqadar zaif ekanini ko‘rsatib qo‘ydi.
«Bugungi kunda AQSh bilan mavjud bo‘lgan barcha narsalarimiz bizga hozir kerak bo‘lgan kafolatni bermaydi. Bu bizga qarshi har qanday hujumni to‘xtatib qola oladimi? Yo‘q», deydi Saudiya Arabistonidagi Ko‘rfaz tadqiqotlari markazi raisi Abdulaziz Sag‘ir.
Hayotiy muqobil kafolat beruvchini qidirayotgan hukumatlar amalda bunday kuch mavjud emasligini ko‘rishlari mumkin. Agar Trampning o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi urushning yakuniga aylansa ham, arablar Eron bilan yuzma-yuz qolishlari mumkin.
«Lat yegan, kaltaklangan, g‘azablangan, lekin dadillashgan Eron bilan yolg‘iz qolish g‘oyasi — menimcha, bu haqiqiy xavotirdir», dedi Bloombergʼning Yaqin Sharq geoiqtisodiyot bo‘yicha rahbari Dina Esfandiyar.
Urush boshlangach Eronning javob zarbalari – Qatar, Bahrayn, Kuvayt, BAA va Saudiya Arabistoniga — AQSh harbiy bazalari yoki xodimlari joylashgan barcha mamlakatlarga tegdi. Ushbu davlatlardagi rahbarlar o‘z bizneslari va xodimlarining xavfsizligiga ishonchlari komil emas. 28 fevraldan keyin shoshib chiqib ketgan oilalar qachon qaytishi yoki umuman qaytmaslik haqida o‘ylamoqda.

















