O‘zbekiston | 14:49
2611
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Amir Temur xiyoboniga tashrif buyurdi

Prezident Toshkent markazidagi xiyobonda Amir Temur haykali poyiga gulchambar qo‘ydi va bog‘ga ko‘chat ekdi.

Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahridagi Amir Temur xiyoboniga tashrif buyurib, mashhur davlat arbobi, sarkarda, ilm-fan, madaniyat va san’at homiysi Amir Temur haykali poyiga gulchambar qo‘ydi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qildi.

Mamlakatda Amir Temur tavalludining 690 yilligi nishonlanmoqda. Sana munosabati bilan mamlakatda ma’naviy-ma’rifiy, ilmiy va madaniy tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Har yil aprel oyini mamlakatda Amir Temur oyligi sifatida o‘tkazish belgilangan. Ijodkorlar tomonidan yangi ilmiy va badiiy kitoblar, film va spektakllar, tasviriy san’at asarlari yaratilmoqda. Xususan, mashhur «Temur tuzuklari» asari yangitdan nashr etildi.

Bundan 30 yil oldin qurilgan Temuriylar tarixi davlat muzeyi zamonaviy talablar asosida qayta ta’mirlandi. «Endi ushbu maskan ilmu ma’rifat, innovatsion tafakkur, yangi g‘oyalar va tadqiqotlar markaziga aylanmoqda. Bu yerda barcha zarur sharoitlar yaratilgan bo‘lib, mazkur dargoh el-yurt, ayniqsa, yosh avlodni milliy g‘urur va vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi», — deyiladi xabarda.

Tadbir davomida Amir Temur xotirasiga yuksak ehtirom ko‘rsatilib, haykali poyiga gullar qo‘yildi.

Amir Temur xiyobonida ham katta obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Tadbir yakunida Shavkat Mirziyoyev xiyobonda ko‘chat ekdi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid