Samarqand shahrining Shohrux ko‘chasida 2018 yilda boshlangan ko‘p qavatli uy qurilishi orqali ko‘plab insonlarga boshpana va’da qilingandi. Hududdagi xonadon egalari esa issiq joyidan ko‘chirilgandi. Oradan sakkiz yil o‘tib ham uylar bitmadi, quruvchi qamaldi. Mijozlar ham, ular to‘lagan pullar ham qadrsizlanishda davom etmoqda.

Kun.uz surishtiruvi shuni ko‘rsatdiki, ushbu chala qolgan loyiha “muammoli uy” deb malakalangan. Hozircha bu muammoning yechimi yoki aniq reja bo‘yicha ma’lumot bera oladigan mas’ulning o‘zi yo‘q.

Qurilish boshlangan paytda hududdagi 20 ga yaqin xonadon egalari turli shartlar asosida quruvchi – “JAHON KAFOLAT STIL” xususiy korxonasi bilan kelishuvga erishgan. Kimdir uyini sotgan, boshqalar yangi uy olish sharti bilan ijaraga chiqqan, yana bir qismi esa yillar davomida jamg‘argan mablag‘ini yangi kvartira uchun to‘lagan. Bugun esa ularning aksariyati og‘ir ijtimoiy va moliyaviy ahvolga tushib qolgan.

Mijozlardan biri Asror Turdiyevning aytishicha, 2018 yilda quruvchi korxona rahbari hokimlik qarori bilan kelib, ikki yil ichida uylarni bitkazib berishni va’da qilgan. Ammo bu muddat avval cho‘zilgan, keyin esa qurilish butunlay to‘xtab qolgan. Hozirgacha u oilasi, nabiralari bilan ijarada yashashga majbur bo‘lmoqda.

Hovlisini quruvchiga berib, o‘rniga yangi uy olish bo‘yicha kelishganlar ko‘pchilik. Mavjuda Ro‘ziqulovaning to‘rtta kadastrli xonadoni bo‘lgan. U uchtasini yangi uyga almashtirishga, bittasini esa kompensatsiyasini olishga kelishgan. O‘zi esa o‘sha vaqtda ijaraga chiqib ketgan.

“Bu vaqt ichida o‘zim kasallik orttirib oldim, 2023 yilda o‘g‘lim nobud bo‘ldi. U juda orzu qilardi yangi uyimizga ko‘chib kirishni. Hozir ahvolim ancha og‘ir, shu sababli ijaradan chiqishga majbur bo‘ldim. Shu yerdagi eski, buzilishdan qolgan garajimizni ta’mirlab kirib oldik. Farzandlarim, nabiralarim bilan shu sharoitda yashashga majbur bo‘lyapmiz”, dedi Mavjuda Ro‘ziqulova.

Umuman, bu yerdan uy olish istagida bo‘lganlarning barchasining o‘z hikoyasi bor. Kimdir xorijda ishlab topgan pulini “JAHON KAFOLAT STIL” xususiy korxonasi rahbariga naqd shaklda to‘lagan. Yana kimdir shahar chekkasidagi uyini sotgan, kimdir mashinalarini sotgan va yangi uy uchun to‘lov qilgan. Deyarli barcha mijozlar bugun moddiy-ijtimoiy tomondan jiddiy muammo bilan to‘qnash kelgan.