O‘zbekiston | 20:03
1736
4 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda elektrdan uzilgan do‘konlar va 7 ming so‘mlik palov uchun jarima – mahalliy dayjest

Xorazmda 7 ming so‘mdan palov sotgan tadbirkor jarimaga tortildi. Surxondaryoda afg‘on qozonlari ichiga yashirilgan 190 kg narkotik modda aniqlandi. Toshkentda bozorlar va savdo obektlarida davlat yong‘in nazorati doirasida tekshiruvlar o‘tkazildi, ba’zilari elektr ta’minotidan uzildi. Kunning muhim yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Xorazmda 7 ming so‘mdan palov sotgan tadbirkor jarimaga tortildi

Urganch tumanida mijoz jalb qilish uchun arzon narxda palov sotgan tadbirkor ma’muriy jazoga tortildi.

Sud qaroriga ko‘ra, Shohruhxon Qodirov tuman hududida umumiy ovqatlanish faoliyati bilan shug‘ullanib kelgan. U ijtimoiy tarmoqda 2026 yil 2 fevraldan 4 fevralga qadar Xorazm suzma palovini 7 ming so‘mdan sotishi haqida e’lon joylashtirgan. JIB Urganch tuman sudining 17 martdagi qarori bilan Shohruhxon Qodirov Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 200-1-moddasida nazarda tutilgan ommaviy tadbirlar o‘tkazish qoidalarini buzish huquqbuzarligini sodir qilgan deb topildi.

Xorazm viloyati sudi bergan izohga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorida fuqarolarni reklama, aksiya va boshqa maqsadlarda oziq-ovqat, buyumlar hamda boshqa mahsulotlar va tovar-moddiy boyliklarni bepul tarqatish yoki haddan tashqari arzonlashtirilgan narxda sotish orqali ommaviy tadbirlarga jalb qilinishiga yo‘l qo‘yilmasligi belgilangan.

Afg‘on qozonlari ichiga yashirilgan 190 kg narkotik modda aniqlandi

Surxondaryoda katta miqdordagi narkotik modda to‘xtatildi, deb xabar berdi Davlat xavfsizlik xizmati.

Ma’lum qilinishicha, Afg‘onistondan «Termiz avtoyo‘l» xalqaro o‘tkazish punkti orqali kirib kelgan yuk mashinasi chuqurlashtirilgan tartibda tekshiruvdan o‘tkazilgan. U oldindan kuzatuvga olingan Denov shahrida yashovchi 35 yoshli haydovchi boshqaruvida bo‘lgan.

Mashina yukxonasida 750 dona afg‘on qozoni bo‘lgan. Tekshiruvda ularning 210 donasi ichiga xufiyona tarzda 190 kg 800 gramm gashish moddasi yashirilgani aniqlangan. Ushbu afg‘on qozonlari ishlab chiqaruvchi tomonidan Markaziy Osiyo davlatlaridan biridagi xo‘jalik yurituvchi sub’yekt nomiga yuborilgan.

Toshkentda bozor va savdo obektlarida davlat yong‘in nazorati doirasida tekshiruvlar o‘tkazildi

Askiya dehqon bozorida yong‘in xavfsizligi talablariga rioya etilmayotgani aniqlanib, ayrim do‘konlar faoliyati vaqtincha to‘xtatildi, deb xabar berdi Favqulodda vaziyatlar vazirligi.

Shuningdek, poytaxtdagi qator bozorlar va savdo obektlarida davlat yong‘in nazorati doirasida tekshiruvlar o‘tkazilgan. Nazorat tadbirlari chog‘ida bir nechta hududda yong‘in xavfsizligi qoidalari qo‘pol ravishda buzilgani ma’lum bo‘lgan. Ular elektr ta’minotidan uzilgan. FVV ma’lumotiga ko‘ra, aniqlangan barcha kamchiliklar bartaraf etilganidan keyin elektr ta’minoti qayta tiklanadi va obektlar faoliyatini davom ettirishi mumkin bo‘ladi.

So‘x tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari belgilandi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona viloyatining So‘x tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.

Taqdimotda mutasaddilar joriy yilda tumanga 40 million dollar investitsiya jalb qilish, 15 million dollarlik eksportni ta’minlash rejasi olingani haqida axborot berdi. Buning hisobiga sanoatda 9 foiz, xizmatlar sohasida 17,1 foiz, qishloq xo‘jaligida 7,6 foiz o‘sishga erishish ko‘zda tutilgan. Turizm va xizmat ko‘rsatish sohasida 60 million dollar investitsiya jalb qilish, qariyb 2 ming ish o‘rni yaratish, turizm xizmatlari hajmini 15 milliard so‘mga, eksportni esa 2 million dollarga oshirish rejalashtirilgani ma’lum qilindi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid