AQSh–Eron sulhining ro‘yobga chiqishiga Isroilning Livanga hujumlari to‘g‘anoq bo‘lmoqda. Bunga javoban Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozini yana chekladi. Oq uy sulh shartlari “Hizbulloh”ga ham taalluqli ekanini rad etyapti. Xo‘sh, Isroil bu safar Livanda nimaga erishmoqchi?

Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturida siyosiy tahlilchilar shu haqda so‘z yuritadi.

Shavkat Ikromov: Isroil avval ham Livan hududiga kirgan va 1985 yilda mamlakat janubini to‘liq egallagan holda, 2000-yilgacha bu yerda qolgan. O‘shanda Isroil o‘zini g‘olib deb e’lon qilgan edi.

Biroq, 1985 yildan keyin “Hizbulloh” faollashib, Isroilga jiddiy talafot yetkazdi. Natijada Isroil deyarli mingga yaqin askarini yo‘qotib, Livanning janubidagi hozirgi nazorat hududlariga chekinishga majbur bo‘lgan edi. Lekin joriy yilning 3 aprelidan boshlab vaziyat keskin o‘zgardi.

Isroil Livan hududiga nisbatan keng qamrovli hujumlarni boshladi: quruqlikdan kirib borish, havodan zarbalar berish kabi harakatlar amalga oshirilmoqda. Rasmiy izohlarga ko‘ra, bu operatsiyalar “Hizbulloh”ni yo‘q qilish va uni qurolsizlantirish maqsadida olib borilmoqda.

Isroil bu hududda tinch aholiga aynan “Hizbulloh” tahdid solmoqda, deb hisoblaydi. Aslida, 2024 yilda Isroil va “Hizbulloh” o‘rtasida katta to‘qnashuv yuz bergan, shundan so‘ng G‘azodagi vaziyat fonida Livan va Isroil hukumatlari o‘rtasida kelishuvga erishilgan edi. Ushbu kelishuvga ko‘ra, Livan hukumati “Hizbulloh”ni ichki imkoniyatlar orqali qurolsizlantirish majburiyatini olgan. Ammo Isroil fikricha, bu jarayon yakuniga yetmagan va “Hizbulloh” hanuz to‘liq qurolsizlanmagan. Shu sababli Isroil Livanning ichki ishlariga aralashgan holda “Hizbulloh”ga qarshi harbiy harakatlarni davom ettirmoqda. Uning asosiy maqsadi – “Hizbulloh”ni to‘liq qurolsizlantirish.

Yaqin Sharq bo‘yicha kuzatuvchilar esa boshqacha fikrda. Ularning ta’kidlashicha, “Hizbulloh”ni to‘liq qurolsizlantirish faqat Livanni to‘liq nazorat ostiga olish bilangina amalga oshishi mumkin. Boshqa yo‘l bilan bunga erishish deyarli imkonsiz. Hozirning o‘zida Livanning janubiy hududlari asosan “Hizbulloh” faoliyat yuritadigan hududlar bo‘lib, Isroil ularni qisman nazorat ostida ushlab turibdi. Endi esa harakatlar butun Livan bo‘ylab kengayishi ehtimoli bor.

Shu bilan birga, 2023–2025 yillar davomida Isroil “Hizbulloh”ni sezilarli darajada zaiflashtirdi. Tashkilot hozir o‘z tarixidagi eng og‘ir bosqichlardan birini boshdan kechirmoqda: yetakchilarining yo‘q qilinishi va ketma-ket zarbalar tufayli u hali o‘z kuchini tiklab ulgurmagan.