O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan, Qozog‘iston Respublikasi prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev amaliy tashrif bilan O‘zbekistonga keldi.

Oliy martabali mehmonni Buxoro xalqaro aeroportida Shavkat Mirziyoyev kutib oldi.

Milliy kuy-qo‘shiq va raqslardan iborat tantanali kutib olish marosimi bo‘ldi. Ikki mamlakatning davlat bayroqlari ko‘tarildi va faxriy qorovul saf tortdi. Harbiy orkestr ijrosida davlat madhiyalari yangradi.

Bugun yetakchilar ikki tomonlama muzokara o‘tkazadi. Shuningdek, Buxoroning tarixiy obidalarini ziyorat qilish, sanoat korxonalari faoliyati bilan tanishish va boshqa tadbirlar rejalashtirilgan.