«Manchester Yunayted» – «Lids» 1:2
Gollar: Kazemiro (69) – Okafor (5, 29).
«Manchester Yunayted»: Lammens, Mazraviy (Dalot, 70), Yoro, Martines, Shou, Kazemiro, Ugarte, Fernandesh, Amad (Mbeumo, 70), Kunya, Sheshko.
«Lids»: Darlou, Ampadu, Biyol, Bogl, Gudmundsson, Jastin, Kelvert-Lyuin, Okafor (Gnonto, 74), Stryoyk, Tanaka (Gruyev, 74), Aaronson (Longstaff, 86).
Ogohlantirishlar: Kunya (18), Jastin (39), Shou (49), Fernandesh (64), Ampadu (86).
Chetlatish: Martines (56).
«Manchester Yunayted» bu turda «Aston Villa»dan uch ochkoga uzoqlashishi va uchinchi o‘rinni mustahkamlashi mumkin edi. Buning uchun Maykl Kerrik jamoasidan uyda «Lids Yunayted» ustidan g‘alaba qozonish talab etilardi. Ammo kutilgan uch ochko o‘rniga «MYu» o‘ziga yangi muammolar tug‘dirdi.
«Lids» so‘nggi olti turda birorta g‘alabaga erishmagandi. Ammo «Old Trafford»ga Daniel Farke jamoasi katta ishtiyoq bilan tashrif buyurgandi – jamoa xavfli zonadan uzoqlashishi kerak edi. «Lids» bu o‘yinda g‘alaba qozonish orqali 18-o‘rindagi «Tottenhem» bilan oradagi farqni olti ochkoga yetkazishi mumkin edi.
«Lids» ilk daqiqalardan hujumga tashlandi. Uchinchi daqiqadayoq Dominik Kalvert-Lyuin yaqin masofadan kuchli zarba berdi, ammo Senne Lammens mezbonlarni muqarrar goldan qutqardi. Lekin keyingi hujum vaqtida belgiyalik darvozabon ham ojiz qoldi. Jyeyden Bogl to‘pni jarima maydoni markaziga yetkazdi, Kalvert-Lyuin to‘p uchun kurashda yutib chiqdi va to‘p qulay pozitsiyada turgan Noa Okaforga yetib bordi. Shveytsariyalik hujumchi to‘pni Lammensga qarama-qarshi burchak tomon aniq yo‘naltirdi – 1:0.
«MYu» startda muvaffaqiyatsizlikka uchradi, ammo vaziyatni o‘nglash uchun oldinda 85 daqiqa bor edi. Jamoa oxirgi o‘yinidan buyon uch hafta dam olish imkoniga ega bo‘lgan va «Lids»ga qarshi o‘yindan oldin jismonan ustunlikka ega bo‘lishi kerak edi. Ammo amalda bir hafta oldin Angliya kubogi yarimfinalida og‘ir o‘yin o‘tkazgan «Lids» («Vest Hem»ga qarshi o‘yinning asosiy va qo‘shimcha bo‘limlarida kuchlar teng kelib, g‘olib penaltilar seriyasida aniqlangandi) o‘yinga yaxshiroq tayyor bo‘lgani oydinlashdi. Bo‘lim o‘rtalaridan o‘tganda mehmonlar ikkinchi golni ham urishdi.
Okafor dublni rasmiylashtirdi: jarima maydoni tashqarisida turgan Noa Kazemironing boshidan qaytgan to‘pni o‘ziga bo‘ysundirdi va uning zarbasidan keyin to‘p rikoshet bo‘lib olis burchakka borib tushdi. Bu 25 yoshli forvard uchun APLdagi ilk dublga aylandi.
Bo‘lim oxiriga qadar hisob yirik ko‘rinishga kelishi ham mumkin edi. Bo‘lim oxirida «MYu» futbolchilari yana bir xatoga yo‘l qo‘yishdi: Lammens yomon pas bilan Yoroni noqulay holatda qoldirdi.














