Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Qariyb 20 million odam shaharlarda yashamoqda – prezident mamlakatdagi urbanizatsiya darajasi haqida
Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida videoselektor yig‘ilishi boshlandi. Respublika va viloyat studiyalaridan yig‘ilishda 500 dan ziyod developer, quruvchi, loyihachi, arxitektor va urbanistlar ishtirok etmoqda.
Davlat rahbari barcha tarmoq va hududlarda yuqori iqtisodiy o‘sish bo‘yicha belgilab olingan katta marralarga erishishda qurilish sohasining alohida o‘rni borligini ta’kidladi.
So‘nggi to‘qqiz yilda 10 mingga yaqin yangi qurilish korxonalari ish boshladi, aylanmasi 1 trillion so‘mdan oshgan 20 ta, 100 milliard so‘mdan o‘tgan 365 ta yirik kompaniyalar paydo bo‘ldi. Loyiha tashkilotlari 2 mingdan, ulardan xalqaro sertifikat olganlari 650 dan oshdi.
Qurilishda ruxsat berish bosqichi 3 karra, muddati 4 karra qisqardi, 420 ta shaharsozlik norma va qoidalarini birlashtirish, eskilarini bekor qilish hisobiga 140 ta yangi shaharsozlik norma va qoidalari tasdiqlandi.
Mazkur ishlar natijasida o‘tgan davrda 210 million kvadrat metrli bino-inshoot, 647 ming xonadonli 15 mingdan ortiq ko‘p qavatli uylar barpo etildi. Qurilish ishlari hajmi 2016 yilda 30 trillion so‘mni tashkil qilgan bo‘lsa, o‘tgan yili bu ko‘rsatkich 314 trillion so‘mga yetdi.
Bugun qurilish, qurilish materiallari va ularga yondosh sohalarda 3,5 million aholi band.
Dunyoda qurilish industriyasi shiddat bilan o‘zgaryapti, sohaga zamonaviy loyiha yechimlari, yangi texnologiya va standartlar kirib kelmoqda.
Prezident mamlakatdagi qurilish tizimi bugungi o‘zgarishlarga qanchalik mosligi, soha rahbarlari zamon talab qilayotgan tezkorlik va sifat bo‘yicha mas’uliyatni his qilayotgani, seysmologiya va zilzilabardoshlik bo‘yicha xavflarni inobatga olib, yangi yechimlar ishlab chiqilayotgani borasida savollar ko‘pligini qayd etdi.
Tadbirkorlik uchun yiliga 6,5 ming gektar yer, 600 ming kvadrat metrli bino-inshootlar savdoga chiqarilmoqda, kichik va o‘rta biznes uchun 140 trillion so‘m resurs berilmoqda.
Lekin yer, kredit kabi asosiy masalalari hal bo‘lgan tadbirkorlar qurilishni boshlash bosqichida to‘siqlarga uchrayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Tadbirkorlarning hali aktivga aylanmagan yeriga soliq, kreditiga foiz hisoblanyapti, lekin byurokratiya, korrupsiya, sansalorlik ko‘pligi uchun qurilishni boshlash oylab, yillab cho‘zilayotgani tanqid qilindi.
Shu bois, soha vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, mingdan ortiq quruvchi va loyiha tashkilotlarining takliflari olindi. Yig‘ilishda ushbu taklif va tashabbuslar asosida ishlab chiqilgan yangi chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Mamlakat aholisi 38 milliondan oshdi, urbanizatsiya darajasi 51 foizga yetib, qariyb 20 million odam shaharlarda yashamoqda.
«Bir narsani yaxshi tushunish zarur: agar urbanizatsiya darajasi 1 foizga oshsa, iqtisodiyot ham kamida 1 foizga ko‘payadi, investitsiya oqimi, biznes va startaplar, mehnat unumdorligi karrasiga o‘sadi. Buning uchun respublikada urbanizatsiyani barqaror rivojlantirish bo‘yicha yagona yondashuv bo‘lishi kerak», – dedi prezident.
Bosh rejalarni ishlab chiqish uchun budjetdan yiliga 200-250 milliard so‘m berilmoqda. Bu mablag‘lar bosh rejasi bo‘lmagan yoki eskirgan hududlarga sarflanishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.
Kichik shahar va shaharchalarda ham katta loyiha qilaman degan tadbirkorlar borligi, shaharsozlik hujjati yo‘qligi uchun ularning ishi to‘xtab turgani qayd etildi. O‘zi mablag‘ tikib, tezroq bosh reja ishlab chiqilishidan manfaatdor tadbirkorlar ham ko‘p.
Viloyat hokimlari, Urbanizatsiya qo‘mitasiga joriy yilda budjet mablag‘i hisobidan 6 ta shahar, 44 ta shaharcha bo‘yicha bosh reja, yana 104 ta qishloq bo‘yicha master rejani oxiriga yetkazish, bunga qo‘shimcha tashabbuskor biznes vakillari bilan yana 50 ta aholi punkti bo‘yicha shaharsozlik hujjatini ishlab chiqishni boshlash topshirildi.
Mavzuga oid
22:27 / 14.04.2026
Prezident neft-gaz tarmog‘ida ishlab chiqarish barqarorligini ta’minlashni buyurdi
22:25 / 14.04.2026
Urbanizatsiya, kadastr va geodeziya oliygohi ochiladi
19:54 / 14.04.2026
Renovatsiya dasturi: 2026 yilda kamida 30 mingta xonadonni foydalanishga topshirish buyurildi
19:46 / 14.04.2026