Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Bola hayotini saqlab qolgan murakkab operatsiya va QR-kod orqali to‘lov qoidalari – mahalliy dayjest
Shifokorlar tomonidan noyob va o‘ta murakkab operatsiya amalga oshirilib, og‘ir ahvoldagi 5 yoshli bolaning hayoti saqlab qolindi. O‘qituvchilar uchun ipoteka subsidiyasiga ariza qabul qilish sanasi belgilandi. QR-kod orqali to‘lovlarni amalga oshirish tartibi tasdiqlandi. Narkotik moddani saqlab kelgan bank xodimlari ushlandi. Kunning muhim yangiliklari bilan tanishtiramiz.
Jarrohlar murakkab operatsiya orqali 5 yoshli bolaning hayotini saqlab qoldi
Shifokorlar tomonidan noyob va o‘ta murakkab operatsiya amalga oshirilib, og‘ir ahvoldagi 5 yoshli bolaning hayoti saqlab qolindi.
Ma’lum qilinishicha, u tasodifan kaustik soda ishqorini yeb yuborgan, oqibatda qizilo‘ngachning chandiqli torayishi yuzaga kelib, vaqt o‘tishi bilan mutlaqo ovqatlana olmaydigan holatga tushgan. Ota-ona farzandini xorijda davolatishga qaror qilgan. Ammo xorijdagi amaliyot vaqtida qizilo‘ngach oshqozon hisobidan qayta shakllantirilib, oshqozon yuqoriga ko‘tarilgan holda qizilo‘ngach qoldig‘iga ulangani aniqlangan. Bu esa yangi transplantantning yurakka bosim o‘tkazishiga va uni siqib qo‘yishiga olib kelgan.
Shundan so‘ng o‘zbekistonlik jarrohlar murakkab operatsiyani amalga oshirib, oshqozonni qayta joylashtirib, yo‘g‘on ichakdan yangi qizilo‘ngach shakllantirilgan.
O‘qituvchilar uchun ipoteka subsidiyasiga ariza qabuli boshlanadi
2026 yildan boshlab, kamida 15 yillik ish stajiga va oliy malaka toifasiga (bosh o‘qituvchi lavozimiga) ega pedagoglarga ipoteka krediti bo‘yicha davlat subsidiyasi ajratiladi.
Unga ko‘ra, ipoteka krediti boshlang‘ich badalining 25 foizi davlat budjeti hisobidan qoplanadi. Mazkur maqsadlar uchun 2026 yilda davlat budjetidan 200 milliard so‘mgacha mablag‘ yo‘naltirilishi rejalashtirilgan.
Subsidiya olish uchun pedagoglar Davlat xizmatlari markazlari, my.gov.uz portali, mobil ilovalar orqali ariza topshirishlari mumkin. Arizalar 20 apreldan qabul qilinadi.
QR-kod orqali to‘lovlarni amalga oshirish tartibi tasdiqlandi
QR-kod orqali to‘lovlarni amalga oshirishning yagona tartibi hamda yagona QR-kod tizimi ishtirokchilarining vazifalari belgilandi.
Yagona QR-kod – foydalanuvchilarga istalgan bank yoki to‘lov tashkilotining mobil ilovasi orqali to‘lovlarni amalga oshirish imkonini beradi. Barcha to‘lov tizimlarining yagona QR-kod tizimi orqali o‘zaro integratsiyasi ta’minlanadi.
Yangi qoidalarga ko‘ra, har bir foydalanuvchiga mobil ilovalar orqali QR-kodni skanerlash, to‘lov summasini tasdiqlash va har bir operatsiya bo‘yicha onlayn ma’lumotnoma olish va tranzaksiyalar tarixi bilan tanishish imkoniyati taqdim etiladi.
Narkotik moddani saqlab kelgan bank xodimlari ushlandi
Toshkent viloyati, Yangiyo‘l shahrida faoliyat yurituvchi tijorat banklaridan birining ikki nafar mutaxassisi sintetik giyohvandlik vositasini saqlayotgani aniqlandi.
Ma’lum bo‘lishicha, mazkur shaxslar muqaddam narkokurerlar tomonidan Yangiyo‘l tumanidagi dala maydoniga yashirib ketilgan 485 gramm sintetik giyohvandlik vositasini qabul qilib olgan. Keyinchalik ular ushbu narkotik moddani tanishining xonadonida saqlagan. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilarga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Mavzuga oid
20:15 / 15.04.2026
Shaxmatdagi tarixiy yutuq va hududlarda kuchli shamol – mahalliy dayjest
20:57 / 14.04.2026
Tadbirkorlar uchun yengilliklar va Ohangaron tog‘larida yo‘qolgan bola – mahalliy dayjest
19:39 / 13.04.2026
«Eng yopiq» davlat tashkilotlari va ozodlikka chiqqan sobiq sudyalar – mahalliy dayjest
20:03 / 10.04.2026