Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ma’mun universitetida xalqaro konferensiya va zamonaviy vivariy laboratoriyasi ochildi
Urganch shahrida joylashgan Ma’mun universitetida “Zamonaviy tibbiyotning dolzarb muammolari: nazariya va amaliyot” mavzusida I xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Mazkur nufuzli anjuman O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Ma’mun universiteti hamkorligida tashkil etildi. Unda mamlakatimiz va xorijiy davlatlardan yetakchi olimlar, professor-o‘qituvchilar, amaliyotchi shifokorlar hamda yosh tadqiqotchilar ishtirok etdi.

Konferensiya doirasida Rossiya, Turkiya, Gruziya va boshqa davlatlardan yetakchi mutaxassislar ma’ruzalar bilan qatnashdi. Yalpi majlisda zamonaviy tibbiyotning dolzarb muammolari, jumladan, infeksion kasalliklar, jarrohlik, onkologiya, pediatriya va raqamli tibbiyot yo‘nalishlari bo‘yicha ilmiy ishlanmalar taqdim etildi.

Shuningdek, anjuman davomida bir nechta shu’balar faoliyat yuritib, klinik tibbiyot, jamoat salomatligi, biotexnologiya va innovatsion pedagogika kabi yo‘nalishlarda muhokamalar olib borildi. Bu esa ilm-fan va amaliyot integratsiyasini mustahkamlashga xizmat qildi.
Mazkur xalqaro konferensiya bilan uyg‘un holda universitetda zamonaviy vivariy laboratoriyasi rasman ishga tushirildi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ushbu laboratoriya:
tibbiyot yo‘nalishidagi talabalar uchun amaliy mashg‘ulotlarni kuchaytiradi
ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish imkoniyatini kengaytiradi
eksperimental tibbiyot sohasida zamonaviy infratuzilma yaratadi
Laboratoriyada quyonlar, kalamushlar, baqalar kabi tajriba hayvonlari mavjud bo‘lib, ular orqali fiziologik va patologik jarayonlarni o‘rganish imkoniyati yaratilgan.

Bundan tashqari, bu yer gistologik, PCR, gematologik, biokimyoviy tadqiqotlar o‘tkazish uchun zamonaviy uskunalar bilan ta’minlangan.
Ma’mun universitetida tibbiyot fakulteti faoliyat yuritib, General Medicine va Dentistry yo‘nalishlarida mutaxassislar tayyorlanmoqda. Vivariy laboratoriyasining ishga tushirilishi ushbu yo‘nalishlarda tahsil olayotgan talabalar uchun nazariy bilimlarni amaliyot bilan uyg‘unlashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Mutaxassislar fikricha, bunday laboratoriyalar:
bioyetika madaniyatini shakllantiradi,
talabalarning mustaqil ilmiy izlanish olib borish qobiliyatini rivojlantiradi,
ta’lim jarayonini xalqaro standartlarga yaqinlashtiradi;
Ma’mun universitetida o‘tkazilgan xalqaro konferensiya va yangi vivariy laboratoriyasining ochilishi nafaqat hudud, balki butun mamlakat tibbiyot ta’limi va ilm-fani rivojida muhim qadam bo‘ldi. Ushbu tashabbuslar yosh olimlar va talabalar uchun keng imkoniyatlar yaratib, zamonaviy tibbiyotning yangi bosqichiga xizmat qilishi kutilmoqda.
Reklama huquqi asosida