“Moliyaviy jarimalarni qo‘llash tartibini yanada liberallashtirish va sud nazorati samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha choralar to‘g‘risida”gi qarorga ko‘ra, tadbirkorlar vakolatli organ tomonidan qo‘llangan jarimani ixtiyoriy ravishda ikki xil tartibda ijro etish imkoniga ega bo‘ladi.

Jumladan, qaror topshirilgan kundan boshlab bir oy ichida jarimaning 50 foizini to‘lash orqali qolgan qismidan ozod bo‘lish mumkin. Shuningdek, jarima summasini 6 oy davomida teng miqdorlarda bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati ham beriladi.

Qarorga muvofiq, agar moliyaviy jarima sud tomonidan bekor qilinsa yoki haqiqiy emas deb topilsa, undirilgan mablag‘lar 15 kun ichida qaytariladi.

Agar ushbu muddat buzilsa, kechiktirilgan har bir kun uchun Markaziy bank asosiy stavkasining 300 dan biri miqdorida foiz to‘lanadi.

Mazkur o‘zgarishlar tadbirkorlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va moliyaviy jazo choralarini qo‘llashda adolatlilikni ta’minlashga qaratilgan.