O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Turkiyada yana otishma

Chorshanba kuni Turkiyadagi ta’lim dargohlaridan birida yana otishma ro‘y berdi. Qahramonmarash hududidagi Ayser Chalik o‘rta maktabidagi otishma oqibatida kamida sakkiz o‘quvchi va bir o‘qituvchi halok bo‘ldi.

Bundan tashqari yana 13 kishi yaralangan, ulardan olti nafari og‘ir ahvolda. Rasmiylarning bildirishicha, hodisa davomida 14 yoshli hujumchi ham halok bo‘lgan.

Hujum sabablari hozircha ma’lum emas, tergov harakatlari boshlangan. Hujum qilgan 8-sinf o‘quvchisining yonida beshta qurol va yettita magazin bo‘lgan. «U beshinchi sinf o‘quvchilari tahsil olayotgan ikkita sinfga kirib, hech kimni ajratmasdan, o‘lim va jarohatlarga sababchi bo‘lgan», dedi rasmiylar. Turkiyada beshinchi sinf o‘quvchilari odatda 10 va 11 yoshda bo‘ladi.

Turk nashrlarining yozishicha, qurollar o‘quvchining muqaddam politsiyada xizmat qilgan otasiga tegishli bo‘lgan. Hujumchining otasi politsiya tomonidan qo‘lga olingan.

Turkiyada qurol to‘g‘risidagi qonunlar 21 yoshdan oshgan va litsenziyaga ega bo‘lgan shaxslarga qurolga egalik qilishga ruxsat beradi. Biroq qurollar keng tarqalgan bo‘lib, xavfsizlik xodimlariga qurol olib yurish va unga egalik qilishga ruxsat berilgan.

Ushbu hujumdan bir kun oldin — seshanba kuni ham Turkiyaning Shanliurfa viloyatida sobiq o‘quvchi o‘z maktabida o‘t ochib, kamida 16 kishini yaralagan, so‘ngra o‘zini otib o‘ldirgandi.

Jurnalistlar ushbu haftadagi otishmalardan so‘ng rasmiylar biron-bir chora ko‘radimi, deya ichki ishlar vaziri Mustafa Chiftchiga savol berdi. U tafsilotlarga to‘xtalmasdan: «Biz zaruriy ehtiyot choralarini ko‘ramiz», deb javob qaytardi.

Yaqin Sharqdagi urush

Payshanba kuniga kelib Yaqin Sharqdagi urush yakuniga yetishi borasidagi optimizm kuchaydi. Bunga – asosiy vositachi Pokiston va AQSh prezidenti Donald Tramp kelishuvga umid bildirayotgani sabab bo‘ldi.

«Biz kelishuv istiqbollarini ijobiy baholaymiz», dedi Oq uy matbuot kotibi Karolin Levit. U Pokiston vositachiligidagi suhbatlarni «mahsuldor va davomiy» deb atadi. Shu bilan birga AQSh 8 aprelda ikki haftalik sulhni uzaytirish bo‘yicha rasmiy so‘rov yuborgani haqidagi xabarlarni rad etdi.