Army Recognition nashri jurnalistlari 12 mamlakat flotini tahlil qilib, bugungi kunda kuch qurilmasi turi, avtonomlik, yashirinlik darajasi va harbiy doktrina oddiy son ko‘rsatkichidan ko‘ra muhimroq ahamiyat kasb etayotganini ta’kidlagan. Atom flotlari global zarba berish va javob qaytarish imkoniyatlarini ta’minlasa, zamonaviy atomsiz submarinalar mintaqaviy tiyib turish strategiyalarini tobora faol shakllantirmoqda. Amerikaning Virginia toifasidagi qayiqlarini joylashtirishdan tortib, Xitoyning strategik raketa tashuvchi suvosti kemalarini ko‘paytirishgacha bo‘lgan jarayon suvosti urushini son emas, balki chidamlilik, aniqlik va maxfiylik musobaqasiga aylantirmoqda.
Aslida to‘liq “top-10”ni tuzish uchun 12 mamlakatni ko‘rib chiqish talab etiladi. Xalqaro strategik tadqiqotlar instituti baholash tamoyillariga yaqin yondashuv asosida shakllantirilgan ushbu guruhga Rossiya, AQSh, Xitoy, Eron, KXDR, Yaponiya, Janubiy Koreya, Hindiston, Turkiya, Buyuk Britaniya, Fransiya va Gretsiya kiritilgan. Masala kimda suvosti kemalari ko‘proq ekanidagina emas, balki har bir flot nimalarga mo‘ljallanganini tushunishdadir: yadroviy tiyib turish, chuqur zarbalar, dengiz blokadasi, “bastion”larni himoya qilish, qirg‘oqbo‘yi hududlarda raqibni zaiflashtirish, suvosti kemalariga qarshi kurash yoki bahsli akvatoriyalarda strategik kuch namoyishi.
Jahon iyerarxiyasining eng yuqori pog‘onasida AQSh, Rossiya va Xitoy turibdi. Bu ularning ko‘lami, yadroviy avtonomligi va strategik ta’siri bilan izohlanadi. Faqat shu uch davlatgina suvosti urushida shunday yuqori bosqichni shakllantiradiki, bunda vazifa endi oddiy kemalarni yo‘q qilish emas, balki kafolatlangan javob zarbasini ta’minlash, razvedka olib borish, aviatashuvchi va raketa guruhlariga hamrohlik qilish, shuningdek, kuchli himoyalangan platformalardan uzoq masofali oddiy va yadroviy zarbalar berishdan iborat bo‘ladi. Bu nuqtai nazardan, suvosti kuchlarining tuzilishi milliy strategiya bilan chambarchas bog‘liq.
AQSh eng universal suvosti derjavasi bo‘lib qolmoqda, chunki uning floti to‘liq atom flotidan iborat va butun dunyo bo‘ylab harakat qila oladi. Ko‘p maqsadli suvosti kemalari, qanotli raketa tashuvchilar va strategik raketa tashuvchilar uyg‘unligi yashirin razvedka, suvosti kemalariga qarshi kurash, quruqlikka zarba berish hamda yadroviy tiyib turishgacha bo‘lgan barcha vazifalarni qamrab oladi. Flotning asosini Virginia toifasidagi kemalar tashkil etadi, Columbia dasturi esa yadroviy triadaning ishonchliligini saqlashda muhim o‘rin tutadi. AQShning asosiy ustunligi nafaqat sonda, balki dunyoning istalgan nuqtasida uzoq vaqt davomida va maxfiy tarzda harakat qila olish qobiliyatidadir.
Rossiya eskalatsiyani boshqarish va yashovchanlikka asoslangan doktrinasi tufayli yuqori ligadagi o‘rnini saqlab qolmoqda. Uning floti tarkibiga strategik raketa tashuvchilar, qanotli raketa tashuvchilar, atom ko‘p maqsadli qayiqlar va mintaqaviy dengizlar uchun mo‘ljallangan dizel-elektr submarinalar kiradi. Markaziy element — “bastion mudofaasi” konsepsiyasi, ya’ni shimoliy va Arktikadagi yaxshi himoyalangan patrul hududlarida raketa tashuvchilarni asrash bilan birga zarba berish imkoniyatini saqlab qolish. Amaliy jihatdan Rossiya suvosti kemalari global ishtirokdan ko‘ra ko‘proq strategik qasos, harbiy teatrlarni izdan chiqarish va muhim nishonlarga kutilmagan zarbalar berishga yo‘naltirilgan.









