O‘zbekiston | 20:23
1955
2 daqiqa o‘qiladi

Humans asoschisi qidiruvga berildi

O‘zbekistonda faoliyat yuritgan Humans kompaniyasi asoschisi va rahbari Vladimir Dobrinin Interpol orqali xalqaro qidiruvga berildi. U kompaniya atrofida davom etayotgan sud va arbitraj muhokamalari fonida qimor o‘yinlarini tashkil etish hamda jinoiy daromadlarni legallashtirish ishi bo‘yicha gumonlanmoqda.

Foto: Humans

O‘zbekiston hukumati Humans kompaniyasi asoschisi va rahbari Vladimir Dobrininni xalqaro qidiruvga berdi. Bu haqdagi ma’lumot Interpol saytida paydo bo‘ldi. 

Dobrinin qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni tashkil qilish va o‘tkazish, shuningdek, pul yuvishda ayblanmoqda.

Interpol ma’lumotlariga ko‘ra, Dobrinin Avstriyada tug‘ilgan. Hozirda 52 yoshni qoralgan Humans asoschisi Rossiya fuqarosi ekani qayd etilgan.

Ma’lumot uchun, Humans O‘zbekiston bozoriga fintex-servis, mobil aloqa xizmatlari va marketpleysni o‘zida jamlagan superilova sifatida kirib kelgandi.

Ammo keyinroq uning faoliyatida qator muammolar paydo bo‘ldi. 2025 yil 14 oktyabrda Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi Octobank (sobiq «Ravnaq-bank») arizasiga asosan «Humans» MChJni bankrot deb topdi. Qarz miqdori taxminan 430 mlrd so‘mga baholangan (bu 2025 yil iyun oyida to‘xtatilgan Visa kobrending kartalariga xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq).

Keyinroq Humans kartalaridan ruxsatsiz pul yechib olish holatlari kuzatildi. Kompaniya esa buni texnik nosozlik va kiberhujumlar bilan izohlagandi. Markaziy bank esa tekshiruv o‘tkazib, huquqiy baho berish uchun materiallarni Toshkent shahar IIBBga yuborgandi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid