Shu kunlarda Barak Obama ikkinchi ma’muriyati vaqtida davlat kotibi lavozimida ishlagan Jon Kerri mediamakonda faol chiqishlar qilmoqda. 82 yoshli diplomat jurnalist Jyen Psakiga bergan intervyusida qiziq gapni aytib qoldi: Binyamin Netanyahu Amerikaning to‘rt prezidentidan Eronga zarba berishni so‘ragan ekan. Keling, mana shu bayonot atrofida Amerika va Isroil munosabatlaridagi ba’zi jihatlarga to‘xtalamiz.

«Bush, Obama, Bayden yo‘q degandi»

Demak, Jon Kerri jurnalist Jyen Psakiga intervyu berdi. Bu jurnalist ayolni eslasangiz kerak. U Bayden davrida prezident matbuot kotibi edi. Suhbat davomida Kerri Netanyahu Amerikaning oldingi prezidentlarini ham Eron bilan urushga qo‘shishga uringani haqida aytib berdi.

«Netanyahu Oq uyga kelib prezident Obamaga Eronga zarba berish rejasini taqdimot qilgandi. Prezident Obama buni rad etgan. O‘z vaqtida prezident Bayden ham, prezident Bush ham rad etgan. Bunga ko‘ngan yagona prezident — Donald Tramp», dedi sobiq mulozim.

Kerriga ko‘ra, u nomini sanagan hech bir prezident davrida Amerikaning Isroilga harbiy yordami kamayib qolmagan, lekin ular zarar kam bo‘lishiga harakat qilib Eron bilan urushga kirmagan. Oq uy sobiq mulozimi Donald Tramp nega Eronga urush ochganini bilmasligini aytgan.

Qulog‘ingizga chalingan bo‘lsa kerak, AQSh tashqi siyosatida America first degan o‘zgarmas prinsip bor. Bu iborani ilk marta prezident Vudro Uilson 1916 yilgi saylov kampaniyasida ishlatgan. Bu tashqi siyosatda Vashington uchun eng birinchi o‘rinda Amerika manfaati turishini ifoydalaydi. Donald Tramp birinchi prezidentlik kampaniyasi vaqtida ham shu shiordan foydalangandi. Tramp Amerikani qator xalqaro kelishuvlardan olib chiqishini aytib, America first shioridan foydalangandi.

Trampning raqiblari Trampga America alone degan shior ko‘proq mos tushishini aytib hazil qilishardi. Buni qarangki, ikkinchi muddatiga kelib Trampning siyosati chindan America alone’ga qarab ketyapti. NATO Amerikaga yordam bermoqchi emas, atrofdagi hamma qo‘shnilar bilan diplomatik aloqalar yomon, Yevropa Amerikadan uzoqlashib Xitoyga yaqinlashmoqda, Amerika ittifoqchisi deganda faqat Isroil tilga olinmoqda.

XX asr avvalida o‘ylab topilgan America first iborasi Eronda urush boshlangach ayniqsa faol tilga olinmoqda. Chunki Amerika zamonaviy tarixida ilk marta o‘z manfaati uchun emas, boshqa davlat manfaati uchun urush ochdi. Amerikalik harbiylar Amerika manfaatlariga xizmat qilmaydigan urushda o‘lib, sanoqli bo‘lsa ham tobutlar kela boshladi. Va millionlab amerikaliklarda savol paydo bo‘ldi: Amerika birinchi emasmi?