O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz

AQSh—Eron kelishmovchiligi

Dushanbaga kelib AQSh va Eron o‘rtasidagi sulh bitimi buzilishi borasidagi xavotirlar kuchaydi. AQSh Eron portlarini blokadada ushlab turishda davom etmoqda. Eron esa Ho‘rmuzda dengiz qatnoviga nisbatan o‘z blokadasini goh bekor qilib, goh qayta joriy etmoqda.

AQSh harbiylari yakshanba kuni Bandar-Abbos porti tomon suzayotgan Eron bayrog‘i ostidagi yuk kemasiga qarata o‘t ochganini ma’lum qildi. «Kema to‘liq bizning nazoratimizda va biz bortida nima borligini tekshiryapmiz!» deb yozdi prezident Tramp ijtimoiy tarmoqlarda.

Eron harbiylariga ko‘ra, kema Xitoydan kelayotgan bo‘lgan. «Biz ogohlantiramizki, Eron qurolli kuchlari tez orada AQSh harbiylarining ushbu qurolli qaroqchiligiga javob qaytaradi va qasos oladi», dedi Tehron harbiy rasmiysi.

Fors ko‘rfaziga kirish va chiqish qatnovi minimal darajaga tushib qolishi ehtimoli sababli neft narxi keskin ko‘tarildi, fond birjalari esa tebrana boshladi.

Eron davlat OAVlarining xabar berishicha, Tehron yangi tinchlik muzokaralarini rad etgan. Bunga davom etayotgan blokada, Trampning tahdidli ritorikasi, Vashingtonning o‘zgaruvchan pozitsiyasi va «haddan tashqari talablari» sabab bo‘lgan.

«Boshqalar uchun bepul xavfsizlik kutgan holda Eronning neft eksportini cheklab bo‘lmaydi. Tanlov aniq: yoki barcha uchun erkin neft bozori, yoki hamma uchun jiddiy xarajatlar xavfi», deb yozdi Eronning yuqori martabali amaldori Muhammadrizo Orif.

Bundan avval Tramp agar Tehron uning shartlarini rad etsa, AQSh Erondagi barcha ko‘prik va elektr stansiyalarini yo‘q qilishidan ogohlantirgandi. Uning so‘nggi paytlardagi doimiy tahdidlari o‘z uslubida davom etmoqda.

Eron esa agar Amerika uning fuqarolik infratuzilmasiga hujum qilsa, AQSh bazalari joylashgan qo‘shni Arab davlatlarining elektr stansiyalari va suvni chuchuklashtirish inshootlariga zarba berishini aytgan.

Asosiy vositachi vazifasini bajarayotgan Pokiston shu hafta boshidagi ehtimoliy muzokaralarga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Islomobodda jamoat transporti va og‘ir yuk mashinalari harakati to‘xtatildi. O‘tgan hafta muzokaralar bo‘lib o‘tgan Serena mehmonxonasi qattiq qo‘riqlovga olindi.