Hukumatning 2026 yil 17 apreldagi 181-son qarori bilan “Volontyorlar va köngilli qutqaruvçilarni “Favqulodda vaziyatlar volontyori” jamoatçilik guruhlariga jalb etiş va ijtimoiy qöllab-quvvatlaş tartibi töğrisida”gi nizom tasdiqlandi.

Nizomga köra, jamoatçilik guruhlariga faqat 18 yoşdan katta bölgan Özbekiston fuqarolari jalb etiladi. A’zo böliş istagidagi şaxslar avval Volontyorlar elektron platformasi (volontyor.uz) orqali röyxatdan ötib, söng hududiy favqulodda vaziyatlar boşqarmalariga ariza bilan murojaat qiladi.

Jamoatçilik guruhlari a’zolariga qator imtiyozlar taqdim etiladi. Jumladan, Favqulodda vaziyatlar vaziri tavsiyanomasi asosida FVV akademiyasi bakalavriatiga öqişga kirişda töplangan ballning 5 foizi miqdorida qöşimça ball beriladi. Şuningdek, köngilli qutqaruvçilar “mahalla yettiligi” tavsiyanomasiga köra hududiy qutqaruv tuzilmalariga işga qabul qiliş tanlovlarida ustuvorlikka ega böladi.

Akademiyaga kiriş uçun qöşimça ball beruvçi tavsiyanoma FVV tomonidan ötkaziladigan tanlov ğoliblariga taqdim etiladi. Uşbu tanlov 18 yoşdan 25 yoşgaça bölgan volontyorlar örtasida taşkil etiladi.

Volontyorlar faoliyati tuman (şahar), viloyat va respublika darajasida maxsus mezonlar asosida baholanadi. Ular orasida favqulodda vaziyatlarning oldini oliş, qidiruv-qutqaruv işlarida iştirok etiş, jabrlanganlarga birinçi tibbiy yordam körsatiş va evakuatsiya tadbirlaridagi faollik kabi körsatkiçlar inobatga olinadi.

Baholaş natijalariga köra har bir hududdan bir nafardan, jami 14 nafar volontyorga tavsiyanoma beriladi. Mazkur tavsiyanoma 1 öquv yili davomida amal qiladi.