Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Qurilishi yarim yo‘lda qolgan eng mashhur me’moriy loyihalar
AQShdagi Oq uyni qayta qurish ishlari sud qarori bilan majburan to‘xtatilgani haqidagi xabarlardan so‘ng, o‘z vaqtida yakunlanmay qolgan yana oltita mashhur loyihani eslash o‘rinli.
Chicago Spire qurilishi / © Related Midwest
Chicago Spire — tashlab qo‘yilgan
Nufuzli joylashuvi, noodatiy poydevori va moliyaviy mojarolari tufayli Chicago Spire qurilish maydoni qariyb yigirma yil davomida AQShdagi eng mashhur “qurilish chuqurliklari”dan biri bo‘lib qoldi.
G‘arbiy yarimshardagi eng baland bino bo‘lishi rejalashtirilgan 150 qavatli osmono‘par bino ispaniyalik me’mor Santyago Kalatrava tomonidan loyihalashtirilgan edi. Qurilish 2007 yilda boshlangan, 2008 yilga kelib poydevor ishlari yakunlangan, ammo moliyaviy qiyinchiliklar tufayli loyiha to‘xtab qolgan.
Ishlar to‘xtatilganidan keyin Kalatrava o‘z haqini olmaganini da’vo qilib, 11,34 million dollar miqdorida da’vo arizasi kiritgan. Oqibatda, ko‘plab qarzlar sababli 2014 yilda maydon Related Midwest developerlik kompaniyasi ixtiyoriga o‘tgan.
Keyinroq Kalatrava loyihasi asosidagi minora qurilmasligi ma’lum qilindi. Hozir ushbu joyda SOM loyihasi bo‘yicha ikkita osmono‘par bino barpo etilmoqda, ulardan birinchisi 2027 yilda yakunlanishi kutilmoqda.
“Ryugen” mehmonxonasi — 34 yil o‘tsa ham bitmagan
Bu, ehtimol, KXDRdagi eng mashhur — yoki eng yomon ma’nodagi mashhur bino bo‘lsa kerak: hatto qurilishi tugallanmagan holatda ham “Ryugen” mehmonxonasi mamlakat poytaxti manzarasida ustunlik qilib turadi.
330 metrli piramidasimon bino qurilishi 1987 yilda boshlangan va 1992 yilgacha davom etgan. O‘sha yili Sovet Ittifoqining parchalanishi KXDRda iqtisodiy inqirozga olib kelgan. Shu paytga kelib bino to‘liq balandlikka yetgan va dunyoda balandligi bo‘yicha sakkizinchi o‘ringa chiqqan — u hatto Chrysler Building'dan ham baland bo‘lgan va Osiyodagi ikkinchi superbaland osmono‘par bino hisoblangan.
Qurilish to‘xtagandan keyin bino karkasi 16 yil davomida o‘zgarishsiz turgan. Faqat 2008 yilda ishlar qayta boshlangan va 2011 yilda fasad yakunlangan. 2013 yilda mehmonxonani ochish rejalashtirilgan bo‘lsa-da, u hozirgacha mehmon qabul qilmayapti.
Torre David — 26 yil o‘tsa ham bitmagan
Poytaxt uzra o‘nlab yillar davomida qad rostlab turgan yana bir osmono‘par bino — Karakasdagi Torre David. U Enrique Gómez and Associates byurosi tomonidan loyihalashtirilgan.
Rasman Centro Financiero Confinanzas deb ataladigan bu inshoot 1990 yilda qurila boshlangan. U 1994 yilda Venesueladagi moliyaviy inqiroz tufayli ishlar to‘xtatilguncha shaharning balandligi bo‘yicha uchinchi binosiga aylangan.
Keyinchalik yuzaga kelgan uy-joy inqirozi vaqtida qurilishi tugallanmagan 45 qavatli osmono‘par binoga skvotterlar joylashib olgan — eng yuqori pallada u yerda 5000 nafargacha odam yashagan. Majmua haqida suratga olingan hujjatli film 2012 yilgi Venetsiya arxitektura biyennalesida “Oltin sher” mukofotini olgan.
2014 yilda hukumat binodagi aholini ko‘chirishni boshlagan va uni sotishni rejalashtirgan, ammo bu rejalar amalga oshmagan. 2018 yilda esa inshoot zilziladan zarar ko‘rgan.
Jeddah Tower — yetti yillik tanaffusdan so‘ng qayta boshlangan
Dunyodagi eng baland bino va insoniyat tarixidagi birinchi 1 kilometr balandlikdagi osmono‘par bino sifatida o‘ylangan ushbu loyiha Jidda shahri shimolidagi yangi tuman markaziga aylanishi kerak edi.
Qurilish 2013 yilda boshlangan, ammo besh yildan keyin, faqat 63 qavat bitkazilgan paytda to‘xtab qolgan.
Yetti yillik tanaffusdan keyin ishlar yana tiklangan: Kingdom Holding Company developerlik kompaniyasi loyihani 2025 yil boshida qayta ishga tushirganini e’lon qilgan.
Dubai Creek Tower — uzoq tanaffusdan keyin qayta ko‘rib chiqilgan
Dunyodagi eng baland inshoot bo‘lishga da’vogar bo‘lgan yana bir loyiha — taxminan 1300 metr balandlikdagi minora ulkan kuzatuv inshooti sifatida rejalashtirilgan edi.
Chicago Spire kabi, bu loyiha ham Santyago Kalatrava tomonidan ishlab chiqilgan. Uni Dubai Expo 2020 ko‘rgazmasigacha ochish rejalashtirilgan edi.
Qurilish 2016 yilda Dubay hukmdori Muhammad bin Roshid Ol Maktum ishtirokida boshlangan va 2018 yilga kelib poydevor ishlari tugallangan.
Shundan so‘ng loyiha deyarli to‘xtab qolgan, pandemiya davrida esa rasman muzlatilgan. Hozir qurilish yana boshlangan, ammo xabarlarga ko‘ra, minoraning balandligi va ko‘lami qisqartirilgan, shu sababli u endi dunyodagi eng baland inshoot bo‘lmaydi.
Sathorn Unique Tower — 29 yil o‘tsa ham bitmagan
Poytaxt uzra qad rostlab turgan yana bir “arvoh-minora” — bu safar Bangkokda. Bino qariyb 30 yildan beri taxminan 80 foiz tayyor holatda turibdi.
Klassik elementlarga ega postmodernistik osmono‘par bino, me’mor Rangsan Torsuvan tomonidan loyihalashtirilgan bo‘lib, uning qurilishi 1990 yilda boshlangan. Ammo 1997 yilda Osiyo moliyaviy inqirozi tufayli ishlar to‘xtatilgan.
Shahardagi ko‘plab shunga o‘xshash “arvoh binolar” keyinchalik tugallangan bo‘lsa-da, Sathorn Unique Tower hozirgacha bo‘m-bo‘sh qobiq holatida qolmoqda va o‘sha davrning o‘ziga xos yodgorligiga aylangan.
Shahar aholisi uning qanday bo‘lishi mumkinligini tasavvur qilish uchun uzoqqa borishi shart emas: yonida uning “singlisi” — to‘liq qurib bitkazilgan State Tower qad rostlab turibdi.
Mavzuga oid
16:04 / 27.02.2026
Qurilishda hajmni yashirishga chek qo‘yish bo‘yicha yangi mexanizmlar ishlab chiqildi
20:33 / 20.12.2025
Qurilayotgan obektlar haqida ma’lumot beradigan platforma ishga tushdi
19:18 / 28.11.2025
Toshkentda ekologik talablarni bajarmagan quruvchi tashkilotlar javobgarlikka tortildi
08:45 / 21.11.2025