O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
Eron—AQSh muzokaralari
Chorshanba kuni Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozida ikkita kemani qo‘lga oldi va strategik suv yo‘li ustidan nazoratni yanada kuchaytirdi. Bu voqea AQSh prezidenti Donald Tramp hujumlarni noma’lum muddatga to‘xtatishini e’lon qilganidan bir kun o‘tib sodir bo‘ldi.
Eron parlamenti spikeri Muhammad Boqir G‘olibofning ta’kidlashicha, to‘liq sulh faqat AQSh blokadasida olib tashlangan taqdirdagina ma’noga ega bo‘ladi. U Ho‘rmuz bo‘g‘ozini «sulhning qo‘pol ravishda buzilishi» sharoitida qayta ochish imkonsiz ekanini aytdi.
«Siz harbiy tajovuz orqali maqsadlaringizga erisha olmadingiz va zo‘ravonlik bilan ham bunga erisha olmaysiz. Yagona yo‘l — Eron xalqining huquqlarini tan olishdir», deb yozdi G‘olibof.
Islom inqilobi muhofizlari korpusi «dengiz qoidalarini buzgani uchun» ikkita kemani qo‘lga olgan va ularni Eron qirg‘oqlariga kuzatib borgan. Bu urush boshlanganidan beri Eron tomonidan kemalarning ilk bor qo‘lga olinishidir. Inqilobiy gvardiya shuningdek, bo‘g‘ozdagi tartib va xavfsizlikka qilingan har qanday aralashuv «qizil chiziq» deb hisoblanishidan ogohlantirdi.
Oq uy matbuot kotibi Eron qo‘lga olgan kemalar AQSh yoki Isroilga tegishli bo‘lmagani sababli ularning ushlanishi sulhning buzilishi emasligini aytdi.
Eron ham, AQSh—Isroil ittifoqi ham urushda g‘alaba qozonayotganini da’vo qilishda davom etmoqda. Seshanba kuni Tehronda o‘tkazilgan paradda Eron o‘zining ba’zi ballistik qurollarini namoyish etdi. Davlat televideniyesi Eron bayroqlarini hilpiratayotgan olomonni va fonda bo‘g‘ozni ushlab turgan musht tasvirlangan bannerlarni ko‘rsatdi. Umuman olganda vaziyat har ikki tomonni ham noaniq holatda qoldirmoqda.
Britaniya nikotindan zararlanmagan avlodni yaratmoqchi
Buyuk Britaniyada qonunchilar chekishga qarshi yangi qat’iy cheklovlarni ma’qulladi. Endi 17 yosh va undan kichik bo‘lgan bolalar, shuningdek, kelajakda tug‘iladigan har qanday shaxs hech qachon qonuniy ravishda sigaret sotib ololmaydigan bo‘ladi.
«Tamaki va veyplar to‘g‘risida»gi qonun tamaki mahsulotlarini sotib olishning qonuniy yoshini 2009 yil 1 yanvarda yoki undan keyin tug‘ilgan shaxslardan boshlab har yili bir yilga oshirib boradi. Bu esa mazkur yosh guruhlari uchun chekishga nisbatan butun umrlik taqiqni anglatadi.








