Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Keniyalik atlet tarixda birinchi bo‘lib marafonni ikki soatdan kam vaqt ichida yugurib o‘tdi
London marafonining har uchala sovrindori jahon rekordini yangilashga muvaffaq bo‘ldi.
Foto: Alex Davidson/Getty Images
Keniyalik marafonchi Sebastyan Save tarixda birinchi bo‘lib marafon masofasini (42,195 km) ikki soatdan kam vaqtda bosib o‘tgan atletga aylandi. U London marafonida 1 soat 59 daqiqa 30 soniya natija qayd etdi.
Marraga ikkinchi bo‘lib efiopiyalik Yomif Kejyelcha (1:59.41) keldi, 2020 yilgi Olimpiya o‘yinlari sovrindori, ugandalik marafonchi Jyeykob Kiplimo esa 2:00.28 natija bilan uchinchi o‘rinni egalladi.
Bundan avvalgi jahon rekordi 2023 yil oktyabrida o‘rnatilgandi. O‘shanda keniyalik marafonchi Kelvin Kiptum Chikago marafonida masofani 2 soat 35 soniyada bosib o‘tgan. Shu tariqa, London marafonining uchala sovrindori ham Kiptumning natijasini ortda qoldirdi.
Save vatandoshi Eliud Kipchoge olti yil avval ko‘rsatgan norasmiy natijani ham ortda qoldirdi. O‘shanda Kipchoge Venada ko‘plab peysmeykerlar (yordamchi atletlar) va mashinalar hamrohligida, deyarli ideal sharoitlarda yugurgandi. U 1:59.41 natija qayd etgan, ammo World Athletics buni rasmiy rekord sifatida tan olmagan.
Save 2024 yilgi Valensiya marafonida 2:02.05 natija bilan shaxsiy rekordini o‘rnatgandi. Ammo o‘tgan yilgi London marafonida garchi g‘alaba qozongan bo‘lsa-da, shaxsiy rekordini yangilay olmagandi (2:02.27), sentabrda bo‘lib o‘tgan Berlin marafonida esa 2:02.16 natija bilan g‘olib bo‘lgandi.