O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
BAA OPECʼdan chiqishini ma’lum qildi
Birlashgan Arab Amirliklari joriy yil 1 maydan Neft eksport qiluvchi davlatlar tashkiloti — OPEC hamda OPEC+ tarkibidan chiqishini ma’lum qildi.
BAA energetika vaziri Suhayl Muhammad al-Mazruiyga ko‘ra, bu siyosiy qaror bo‘lib, mamlakatning energetika strategiyalari o‘rganib chiqilgandan so‘ng qabul qilingan. Uning so‘zlariga ko‘ra, BAA bu masalani boshqa biron bir davlat bilan muhokama qilmagan. Vazir, shuningdek, dunyo yanada ko‘proq energiyaga ehtiyoj sezishini ta’kidlab, BAA ushbu ehtiyojni qondirishga tayyor bo‘lishiga ishora qildi.
Guruhning to‘rtinchi yirik ishlab chiqaruvchisi bo‘lgan BAAning tashkilotni tark etishi – OPECʼning jahon neft ta’minoti ustidan nazoratini susaytiradi. Bundan tashqari, BAAning qo‘shnisi – OPECʼning amaldagi yetakchisi hisoblangan Saudiya Arabistoni bilan ziddiyatni yanada kuchaytiradi.
Ammo bu qadam ko‘rfaz orqali eksport qayta tiklangach, BAAga ishlab chiqarish hajmini oshirish imkonini berishi mumkin. Chunki u endilikda OPEC kvotalari bilan cheklanib qolmaydi.
Reutersʼning yozishicha, bir paytlar yaqin ittifoqchi bo‘lgan BAA va Saudiya o‘rtasidagi raqobat kuchayib bormoqda. Ular neft siyosati va mintaqaviy geosiyosatdan tortib, xorijiy mutaxassislar va kapital uchun kurashgacha bo‘lgan masalalarda to‘qnash kelmoqda.
Ayniqsa, Eron urushi paytida hujumga uchraganidan so‘ng, BAA AQSh va Isroil bilan munosabatlarini mustahkamladi. U Isroil bilan aloqalarni mintaqaviy ta’sir vositasi va Vashingtonga chiqishning o‘ziga xos yo‘li deb biladi.
Rossiyaning neft eksport qiluvchi zavodida yong‘in
Qora dengiz bo‘yidagi Rossiyaning yirik neftni qayta ishlash zavodi — Tuapse yana Ukraina dronlari nishoniga aylandi. Hujum «kuchli yong‘in»ni keltirib chiqargan va yaqin atrofda yashovchi aholi evakuatsiya qilindi.
Oxirgi haftalarda Tuapse neftni qayta ishlash zavodiga berilgan zarbalar dengizda yirik neft to‘kilishiga sabab bo‘lgan edi.
Munitsipal okrug rahbari Sergey Boyko yaqin ko‘chalarda yashovchi aholidan uylarini tark etishni so‘radi. Xabarlarga ko‘ra, mahalliy maktablardan birida vaqtinchalik evakuatsiya markazi tashkil etilgan. Mahalliy OAVlarga ko‘ra, «shahar ustini ulkan qora tutun qoplagan; hamma joydan kuyindi hidi kelmoqda».








